“Biznesni rivojlantirish banki”: o‘qitdik va ishga joyladik
“Biznesni rivojlantirish banki” aholining ishsiz va kam daromadli qatlamini qo‘llab-quvvatlashga doir amaliy loyihalarni tatbiq etmoqda.
Bank va “HOTEL PRO” Academy hamkorligida amalga oshirilgan loyiha ham shular jumlasidan.
Dastlab bank mutaxassislari tomonidan sohalar kesimida tahlillar o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida faol rivojlanayotgan mehmonxona xizmatlari sohasida yuqori malakali mutaxassislarga talab kun sayin oshib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Poytaxtning birgina Yakkasaroy tumanida 24 ta mehmonxona faoliyati o‘rganilganda ularda jami 85 ta vakant ish o‘rinlari mavjudligi aniqlandi.
Keyingi bosqichda 42 nafar vaqtincha ishsiz yoshlar va xotin-qizlar saralab olindi va sohaga oid 4 ta yo‘nalishda ta’lim berish jarayonlariga kirishildi. “Biznesni rivojlantirish banki” Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “Mehmonxona xizmati” yo‘nalishida kasbiy bilim va malakalarni oshirishga qaratilgan bepul o‘quv kurslari tashkil etildi. Xususan, bosh menejerlar uchun, xizmatkorlar uchun, ofitsiantlar uchun hamda resepshn xodimlari uchun kurslarda mashg‘ulotlar bevosita amaliyot bilan bog‘langan holda tashkil qilindi. Bunda “HOTEL PRO” kompaniyasiga hamkor mehmonxonalar ko‘magidan foydalanildi.
O‘quv kurslarida ishtirokchilarda bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan mavzular qamrab olindi. Masalan, bosh menejerlik kursida strategik menejment, moliyaviy menejment, marketing, HR va xizmat ko‘rsatish standartlari kabi mavzular ma’ruza, keys-stadi, amaliy topshiriqlar va bevosita amaliyot shaklida o‘tildi.
Xizmatkorlar (oqsoch) kursida esa tozalash standartlari, asbob-uskunalar va jihozlardan foydalanishni o‘rganish, mijozlar bilan aloqa ko‘nikmalari mehmonxonalarda ishlash tajribasiga ega bo‘lgan professional mutaxassislar tomonidan o‘rgatildi.
O‘quv kurslarining barcha jarayonlari “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan moliyalashtirildi. Kuni kecha o‘quv kurslarini tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Eng muhimi, kasbga o‘qitilgan 42 nafar ishsiz fuqarolar bank ko‘magida mehmonxonalarga ishga joylandi.
Bank bunday loyihalarni kelgusida boshqa hududlarda ham tatbiq etishni rejalashtirmoqda.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.