Yangiyo‘lda “Tomorqa maktabi” ochildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi qaroriga muvofiq, “Yangiyo‘l-Agrostar” kompaniyasi pomidor, bulg’or qalampiri va ko‘katlarga ixtisoslashuvi belgilangan.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB mazkur ixtisoslashgan kompaniyani moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun masʼul etib belgilangan va hamkorlikda bir nechta muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha shunday loyihalardan biri - Yangiyo‘l tumanining “Xalqobod” mahallasida “Tomorqa maktabi” tashkil etildi. Ochilish marosimida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi va “Uzagrostar xolding” kompaniyasi rahbariyati, xorijiy mutaxassislar hamda tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xoʻjaliklari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur maktabda tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xoʻjaliklari vakillarining har bir guruhi uchun haftada 4 kun oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi. Mashgʻulotlar tajribali professor-oʻqituvchilar tomonidan olib boriladi. Xususan, “Yangiyoʻl – Agrostar” kompaniyasiga turkiyalik malakali, oliy toifali agronom Chengiz Yalchin jalb etilib, ushbu malakali mutaxassis ham yer egalariga oʻzining amaliy bilimlarini beradi. Shuningdek, fransiyalik mutaxassis, “Experto consulting” kompaniyasi eksperti Stanislas Enrion bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatilgan. U o‘rganishlaridan kelib chiqib, ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarini berib boradi. Bu yerda yil yakuniga qadar 600 ga yaqin tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xoʻjaliklari vakillarini o‘qitish reja qilingan.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Toshkent davlat Agrar universiteti, Sabzavotchilik va tuproqshunoslik ilmiy tekshirish instituti hamda “AGROLAB” ilmiy tekshirish laboratoriyalari bilan kelishuvlarga erishilgan. Eng muhimi, mashgʻulotlar nazariy, amaliy va koʻchma tarzda tashkil etiladi.
Bundan tashqari, “Tomorqa maktabi” tinglovchilari agrobiznes sektori uchun zarur boʻlgan laboratoriya tahlili xizmatlarini taqdim etish uchun moʻljallangan “AGROLAB OʻHQM” MCHJ sinov laboratoriyasida 3 kun davomida olingan nazariy bilimlarini mustahkamlab, tuproq, suv va meva-sabzavotlarning tarkibi, tahlili, eksport qilinadigan mahsulotlarga olinadigan sertifikat uchun qoʻyilgan talablar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tadbirda mehmonlarga “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va “Yangiyo‘l – Agrostar” kompaniyasi hamkorligida Xitoy texnologiyasi asosida 4 gektar maydonda barpo etilayotgan 10 sotixni tashkil etuvchi 30 ta issiqxona qurish loyihasi ham namoyish etildi. Quyosh nurlari tushmaydigan bir tomoni to‘liq yopilgan bu tejamkor issiqxonalar bir mavsumda 2-3 marta hosil olish imkonini beradi. Eng muhimi bu yerni isitish uchun hech qanday energiya talab etilmaydi. Har bir issiqxonadan olingan daromad esa 150 million so‘mdan ko‘proqqa yetishi mumkin.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.