BRB va BMT TD o‘rtasida nomoliyaviy xizmatlar sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
2025-yil 24-iyul kuni “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va BMTning Taraqqiyot Dasturi (BMT TD) o‘rtasida nomoliyaviy xizmatlar sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida bank xodimlarini zamonaviy nomoliyaviy xizmatlar koʻrsatish — jumladan, biznes maslahatlari, mentorlik dasturlari, bilim platformalaridan foydalanish, tadbirkorlarga strategik koʻmak koʻrsatish kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitish va malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Shu orqali bank oʻz mijozlariga faqat moliyaviy emas, balki rivojlanishga qaratilgan maslahat va axborot qoʻllab-quvvatlovi ham koʻrsata oladigan institutga aylanishni maqsad qilmoqda.
Tadbir davomida “Biznesni rivojlantirish banki” boshqaruv raisi oʻrinbosari Shohzod Yusupov quyidagilarni taʼkidladi:
“UNDP bilan imzolanayotgan mazkur memorandum bankning strategik transformatsiya jarayonida muhim qadam hisoblanadi. Maqsadimiz — tadbirkorlarga faqat moliyaviy resurslar emas, balki ularning salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi bilim va maslahatlarni ham taqdim etishdir.”
UNDPning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi vakillari mazkur hamkorlik mamlakatda xususiy sektorni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va inklyuziv iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Taʼkidlash lozimki, mazkur tashabbus doirasida 2025-yil oxiriga qadar bankning barcha hududiy filiallari va markaziy apparatidagi nomoliyaviy xizmatlarga masʼul mutaxassislar toʻliq qamrab olinadi.
Nomoliyaviy xizmatlar — bu bank mijozlariga moliyaviy mahsulotlardan tashqari, bilim, maslahat, trening va boshqa rivojlantiruvchi xizmatlarni taklif qilish tizimidir. Ushbu yondashuv tadbirkorlarning raqobatbardoshligini oshirishga, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilishga yordam beradi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.