Tadbirkorlikka oʻqitish loyihalari keng jamoatchilikka yetkazildi
2024-yil 29-noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Biznesni rivojlantirish banki”ning tadbirkorlikka oʻqitish loyihalari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda bank Boshqaruvi rahbariyati, tarkibiy tuzilmalar masʼul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qayd etildiki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yurtimizda bank sohasida keng koʻlamli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, aholiga taklif etilayotgan bank xizmatlari qulayligi va hammabopligi, zamon talablariga mosligi bilan turfa xil koʻrinish kasb etmoqda va bu banklar orasida sogʻlom raqobat muhiti yuzaga kelishiga zamin yaratdi.
Maʼlumki, 2023-yil 4-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-292-sonli Qaroriga asosan “Qishloq qurilish bank” negizida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tashkil etildi.
Oʻz navbatida, Prezident tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarda tadbirkorlarni rivojlantirish, ularning savodxonligini oshirish boʻyicha xorijiy tajribalarni tatbiq qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatiga tashrifida berilgan topshiriqlar boʻyicha tuzilgan yigʻilish bayonnomasida 2024-yilda viloyatda kichik biznesni rivojlantirish va qoʻllab quvvatlash “mentorlik” tizimini yoʻlga qoʻyish hamda bu borada Yaponiya tajribasini joriy etilishini tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-sentabrdagi PQ-312-sonli Qaroriga asosan xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda oʻsish va rivojlanish salohiyatiga ega boʻlgan tadbirkorlar faoliyatiga koʻmak berish va hamrohlik qilish boʻyicha mentorlar yoki yetakchi tadbirkorlar guruhini shakllantirish, bunda yil yakuniga qadar 24 ta mentor faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshiriqlari berilgan.
Topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, 07.03.2024-yilda bank, jamgʻarma hamda Yamagata Universiteti oʻquv markazi tomonidan shartnomalar tuzilgan.
Shartnoma 3 bosqichda amalga oshirilishi belgilangan.
Bunda,
1-bosqich: Innovatsion beznesni boshlash dasturini ishlab chiqish
2-bosqich: Tadbirkorlarni onlayn, oflayn tarzda oʻqitish, mentorlarni saralash va tayyorlash dasturi
3-bosqich: Bank xodimlarini oʻqitish
Shartnomaga koʻra, Yamagata Univesiteti professorlari tomonidan 17 turdagi videomateriallar, 16 ta prezentatsiya va 50 ta savoldan tarkib topgan test savollari dasturi ishlab chiqildi.
Yaponiya universitetining professorlari Respublikaning turli hududlarida boʻlib, tadbirkorlar bilan uchrashdi. 150 nafar faol tadbirkor bilan oʻquv kurslari tashkil etildi.
Oʻquv kurslari Yaponiyaning “u-hope” dasturini oʻz ichiga olgan. Bu, Yaponiyaning Yamagata universitetining professorlari tomonidan tayyorlangan 10 turdagi videorolik shaklida darslik hamda 6 ta turdagi “keys amaliyot” larini oʻz ichiga olgan.
Bugungi kunda, ushbu oʻquv dasturiga tadbirkorlar tomonidan qiziqishlar ortib bormoqda. Hozirda dasturga 11 ming nafardan ortiq tadbirkor qiziqish bildirgan, 2 ming nafardan ortiq oʻqish jarayonlari boshlangan, 500 nafarga yaqin tadbirkor sertifikatga ega boʻlgan.
Yaponiya tomonining mutaxassislari oʻquv dasturlari jarayonida muvaffaqiyatli qatnashgan tinglovchilardan 24 nafar mentorni saralab oldi. Saralangan tinglovchilar dastlab Oʻzbekistonda keyingi navbatda Yaponiyaning Yamagata universitetida oʻz malakasini oshirib, halqaro sertifikatga ega boʻldi.
Oʻz oʻrnida, mentorlarning Yaponiyaga safari bilan bogʻliq xarajatlar Markazlar tomonidan qoplab berildi, shuningdek, oʻzaro tuzilgan shartnomalarga asosan har bir mentor tomonidan jami 296 nafar trenerni tayyorlash majburiyati yuklatildi. Barcha mentorlar tomonidan oʻquv dasturlari va oʻqitish reja-grafiklari ishlab chiqildi va markazlar tomonidan tasdiqlandi.
Joriy yilning 18-noyabridan boshlab barcha hududlarda trenerlarni oʻqitish jarayonlari boshlab yuborildi.
Oʻquv jarayonlari oflayn va onlayn shaklda amalga oshirilmoqda. Bunda, jarayonlarni yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Dastlabki oʻquv kurslari yakunida 300 nafarga yaqin nomzodlarga sertifikatlar taqdim etiladi va ularga tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozlar berilishi taʼminlanadi.
Albatta, bu sohada mentorlar va trenerlar tomonidan kelgusida ishlar davom ettirilishi, tadbirkorlarni oʻz qiziqishlaridan kelib chiqib, kengaytirilgan auditoriyalarda oʻqishlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.