Qishloq xoʻjaligida eksport va milliy brend yaratish haqida ma’lumot berildi
2025-yil 19-avgust kuni “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tomonidan “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish: eksport salohiyatini oshirishda yangi bosqich” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining joriy yil 14-fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarori tomorqachilik va dehqonchilikni rivojlantirishning yangi bosqichi ni boshlab berdi.
Tadbirda mazkur farmon va qaror ijrosi doirasida tashkil etilgan Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha Kengash, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi haqida batasil ma’lumotlar berildi.
“Uzagrostar xolding” kompaniyasi muassisligida tashkil etilgan 16 ta ixtisoslashgan kompaniya 16 ta bazaviy hamda 54 ta qamrab olingan tumanlarda faoliyat olib bormoqda. Oʻtgan davr mobaynida ular tomonidan 101 ming gektar yer maydonida ixtisoslashgan mahsulotlar ekilishi taʼminlandi.
Shuningdek, 693 gektar yer maydonida qiymati 608 mlrd soʻmlik 20 ta zamonaviy innovatsion loyiha amalga oshirilishi belgilab olingan. Hozirda 8 ta loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan.
Yangiyoʻl, Qoʻshrabot, Quva, Beruniy, Bulungʻur, Oltiariq, Asaka, Denov, Toshkent va Mirzachoʻl agrostar ixtisoslashgan kompaniyalari Turkiya, Yaponiya, Belorussiya, Polsha, Serbiya, Xitoy, Italiya, Tunis hamda Fransiyadan jalb qilingan 15 nafar agrokonsultant bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
“Yangiyoʻl – Agro star” hamda “Asaka – Agro star” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan “Tomorqa maktabi”, “Oltiariq – Agro star” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan esa “Uzumchilik maktabi” tashkil etildi.
Matbuot anjumanida “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga biriktirilgan “Yangiyoʻl – Agro star” MCHJ faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning dastlabki amaliy natijalari haqida ham axborot berildi.
Tadbir davomida jurnalistlar va jamoatchilik vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.