Navro‘z katta tantana va shodiyona bilan nishonlandi
"Biznesni rivojlantirish banki"da Navro‘z bayrami katta tantana va shodiyona bilan nishonlandi. "Biznesni rivojlantirish banki"da Navroʻz bayrami shukuhi butun jamoani qamrab oldi. Bu yil ham unutilmas lahzalarga boy boʻlgan bayram tantanalari jamoa aʼzolarining qalbiga iliqlik va quvonch bagʻishladi. Bankning har bir xodimi Navroʻzning sehrli olamiga shoʻngʻib, birdamlik va hamjihatlik tuygʻularini yanada teran his qildi.
Bayram dasturi doirasida tashkil etilgan sport musobaqalari alohida qiziqish uygʻotdi. Arqon tortish, stol tennisi, armrestling, arqonda sakrash, besh tosh kabi milliy oʻyinlar barchani bir maqsad atrofida birlashtirdi. Musobaqalar davomida jamoalar oʻrtasida azaliy raqobat va doʻstona muhit hukm surdi. Ishtirokchilar gʻalabaga erishish uchun bor kuchlarini ishga solib, oʻzlarining chaqqonlik, epchillik va jismoniy tayyorgarlik darajalarini namoyish etdilar.
Navroʻz bayramining ajralmas qismi boʻlgan milliy taomlar tanlovi esa har doimgidek oʻzgacha shukuh bilan oʻtdi. Tanlovda bankning mohir oshpaz xodimlari tomonidan oʻn xildan ortiq palov tayyorlandi. Har bir palov oʻzining betakror taʼmi, mazasi va tarkibi bilan bir-biridan ajralib turdi. Qozonlarda sumalak qaynab, uning shirin va yoqimli ifori atrofga taraldi. Bank xodimlari milliy liboslarda oʻz dasturxonlarini bezatib, haqiqiy Navroʻz shukuhini yaratishdi. Dasturxonlardan qulupnay, uzum, anor kabi bahor mevalari, turli xil shirinliklar va Navroʻz ramzlari aks etgan bezaklar ham joy oldi.
Bayram yakunida gʻoliblar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Gʻoliblarni taqdirlash marosimi bayramga yanada koʻtarinki ruh bagʻishladi. Rahbariyat tomonidan barcha ishtirokchilarga bayramni yanada yorqin va mazmunli qilishga qoʻshgan hissasi uchun minnatdorlik bildirildi. Navroʻz tantanalari davomida barcha xodimlar bir oila aʼzolaridek oʻzaro mehr-oqibat va doʻstlik munosabatlarini mustahkamlash imkoniga ega boʻldilar.
"Biznesni rivojlantirish banki" jamoasi barcha yurtdoshlarimizni Navroʻz bayrami bilan muborakbod etadi! Ushbu qutlugʻ ayyom har bir xonadonga tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt va farovonlik olib kelsin. Navroʻz – ezgulik, yangilanish va yasharish bayrami barchamizga muborak boʻlsin!
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.