Murojaatlar bilan ishlash haqida ma’lumot berildi
2025-yil 14-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida murojaatlar bilan ishlash: tahlil va amaliy natijalar” mavzusida brifing boʻlib oʻtdi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Axborot xizmati rahbari Sh.Oripov ishtirokida oʻtgan mazkur brifingda bank tizimida murojaatlar bilan ishlashning holati va murojaatlar tahlili haqida axborot berildi.
2024-yil davomida bankga jismoniy shaxslar va yuridik shaxslardan jami 3 751 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarning 2 948 tasi yoki 78,6 foizi jismoniy shaxslarga va 803 tasi yoki 21,4 foizi yuridik shaxslarga toʻgʻri keladi.
Kelib tushgan murojaatlarning 80 foizdan ortigʻi ijobiy hal etilgan. Qonun normalariga zid boʻlgan murojaatlar asoslantirilgan holda rad etilgan.
Murojaatlar tahliliga koʻra, Toshkent viloyatidan kelib tushgan murojaatlar umumiy murojaatlarga nisbatan 14,7%, Jizzax viloyatidan kelib tushgan murojaatlar 9,8%, Toshkent shahridan kelib tushgan murojaatlar 9,1%, Qashqadaryo viloyatidan kelib tushgan murojaatlar 8,3%, Namangan viloyatidan kelib tushgan murojaatlar 8,1 %ni tashkil etgan.
2024-yil davomida Bosh bank, Hududiy boshqarma, Bank xizmatlari ofislari va Bank xizmatlari markazlarining murojaatlar bilan ishlovchi 45 nafar xodimi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi malaka oshirish institutida oʻqitilib, malakasi oshirildi.
Shuningdek, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi professor oʻqituvchilari tomonidan Bosh bank hamda bankning hududiy tarkibiy tuzilmalari xodimlari ishtirokida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan oʻquv seminarlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, Bosh bank hamda bankning hududiy tarkibiy tuzilmalari xodimlariga muntazam ravishda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan oʻquv seminarlar tashkil etilib borilmoqda.
2024-yil davomida bank rahbariyati tomonidan hududlarda 33 ta sayyor qabullar oʻtkazilib, 175 ta jismoniy va yuridik shaxslarning masalalari ijobiy hal etildi. Bank rahbariyatining hududlarda oʻtkazilgan 17 ta ommaviy qabulida esa 06 ta tadbirkorning masalasi ijobiy yechim topgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash masalasi bank Boshqaruvi rahbariyatining doimiy nazoratida. Bank Boshqaruvi majlislarida bu yoʻnalishdagi ishlar tizimli ravishda tahlil qilinib, tegishli vazifalar belgilab borilmoqda.
Bu borada yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklari uchun bankning 11 nafar xodimiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.