Faktoring bozori va uni rivojlantirish istiqbollari
Joriy yilning 25-oktabr kuni “Biznesni rivojlantirish banki” АTB tomonidan “Faktoring bozori va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda bank mas'ul xodimlari, tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan bank mutasaddilari tomonidan qayd etildiki, so‘nggi yillarda yurtimizda mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan bank sektorida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada, aholiga taklif etilayotgan bank xizmatlari soni va sifati ortib, zamonaviy, qulay, ommabop va jozibador xizmatlar borasida sog'lom raqobat muhiti yuzaga keldi.
Mazkur jarayonda Biznesni rivojlantirish banki o‘z qadriyatlari va tajribasiga tayangan holda yangi sharoitga tezkor moslashib, ushbu raqobatda nafaqat o‘z nufuzini saqlab qolish bilan birga, muayyan yo‘nalishlarda boshqa moliya muassasalariga namuna bo‘lmoqda.
Bank mijozlar uchun yangi va o‘ziga xos xizmatlar taklif etish hamda ularni sifat va son jihatdan oshirib borishga jiddiy eʼtibor qaratmoqda.
Jumladan, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomoindan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustda qabul qilingan PF-109-son Farmoniga muvofiq mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishning ko‘char aktivlarga asoslangan instrumentlarini rivojlantirish orqali kichik va o‘rta biznes subyektlari faoliyati uzluksizligini ta’minlash imkoniyatlarini yanada oshirish maqsadida 2024-yil 30-sentabrdan boshlab faktoring xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mazkur xizmatdan mijozlar faol foydalanishmoqda.
Matbuot anjumanida ushbu xizmatning milliy iqtisodiyotimiz uchun tutgan o'rni va amaliy ahamiyati, bank tomonidan taklif etilayotgan faktoring xizmatining o'ziga xosligi haqida OAV vakillari hamda tadbirkorlarga atroflicha ma'lumot berildi.
Faktoring – xo‘jalik yurituvchi subyektlar (yetkazib beruvchilar)ni moliyalashga doir bank xizmatlarining bir turi bo‘lib, bunda ular bank (moliya agenti)ga, yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovchilar tomonidan akseptlangan, lekin to‘lov talabnomalari bo‘yicha haqi to‘lanmagan to‘lovni, regress huquqisiz olish huquqini beradi.
Matbuot anjumanida bank mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan “REVERSE FACTORING” va “REGULAR FACTORING” mavzusidagi taqdimotlar ishtirokchilarning faktoring xizmatlari haqidagi tushunchalarini yanada oshirishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, bank tomonidan ko‘rsatilayotgan boshqa xizmatlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.