Masofaviy xizmatlar kengayib bormoqda
Joriy yilning 23-sentabr kuni Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtgan brifingda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov yangi joriy etilgan masofaviy xizmatlar haqida axborot berdi.
Qayd etilganidek, bank tizimidagi mavjud 174 ta biznes jarayondan 104 tasi toʻliq raqamlashtirilgan. Bankning mobil ilovasidagi xizmatlar tarkibi kengayib bormoqda.
Jumladan, ilovada taqdim etilayotgan “Ish haqigacha” kredit xizmati orqali koʻrib chiqilgan 1 010 ta ariza ijobiy hal etilgan hamda mijozlarga umumiy hisobda 17 mlrd soʻm pul mablagʻlari ajratilgan.
Shuningdek, “Onlayn mikroqarz” xizmati ham ilova orqali mijozlarga uzluksiz 24/7 rejimda taklif etilmoqda. Mazkur xizmat boʻyicha 2025-yil davomida mijozlar tomonidan yuborilgan 2 170 ta ariza boʻyicha umumiy hisobda 41 mlrd 600 mln soʻm kredit mablagʻlari ajratildi.
Shubhali operatsiyalarni oldini olish hamda firibgarlik holatlarini cheklash maqsadida mobil ilovada “Telekom antifrod” va “Session antifrod” tizimi joriy etildi. Oʻtgan vaqt mobaynida tizim yordamida 19 547 ta holatda shubhali operatsiyalarning oldi olindi.
Bugungi kunga kelib “BRB” mobil ilovasi faol foydalanuvchilari soni 490 mingdan oshgan.
Bank tomonidan yuridik shaxslar uchun ham qator xizmatlar taqdim etilmoqda. Jumladan, yuridik shaxslar uchun “Kredit konveyer” platformasi joriy etildi. Ushbu tizim orqali dastlabki 2 oy ichida 500 ga yaqin tadbirkorga qariyb 100 mlrd soʻm kredit ajratildi.
Bank tomonidan taqdim etilgan Biznes 24/7 platformasi yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish, buxgalteriya, soliq hisobotlari, kredit va sugʻurta mahsulotlarini bir joyda, 24/7 rejimida taqdim etish imkonini beradi.
Shuhrat Oripov “Bijnesni rivojlantirish banki” ATB Oʻzbekiston axborot va kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi – ICTWEEK-2025 koʻrgazmasida ham faol ishtirok etayotganini taʼkidladi. Bankning yangi joriy qilingan masofaviy xizmatlari va innovatsion mahsulotlari koʻrgazma mehmonlarida katta qiziqish uygʻotmoqda.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.