Markaziy bank: asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida qoldi
Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 11-sentabrdagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Joriy yilning ikkinchi choragida shakllangan iqtisodiy faollik va isteʼmol talabi yuqori surʼatlarining narxlarga oshiruvchi taʼsirlari davom etdi. Shu bilan birga, oʻtgan yilgi baza taʼsirlari chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan inflyatsiya pasaya boshladi. Boshqaruv inflyatsion jarayonlarning sekinlashishi va bazaviy inflyatsiyani pasayuvchi trayektoriyasida davom etishini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani oʻzgarishsiz – 14 foiz darajasida saqlab qoldi.
Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyulga nisbatan biroz pasayib, yillik hisobda 8,8 foizni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishining sekinlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha pasaydi.
Shu bilan birga, yalpi talabning yuqori darajada saqlanishi sharoitida energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlari xizmatlar inflyatsiyasining yuqori shakllanishida namoyon boʻlmoqda.
Soʻnggi oylarda mavsumiy omillar hamda almashuv kursining barqarorlashuvi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida pasayish tendensiyasi kuzatilgan boʻlsa-da, mazkur kutilmalar umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori boʻlib qolmoqda.
2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy oʻsish 7,2 foizgacha tezlashdi. Bunda, xizmatlar sohasining yuqori surʼatlari bilan birga sanoat, qurilish va qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida ham sezilarli oʻsish qayd etildi.
Transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining barqaror oʻsishi, iqtisodiyotda kreditlash surʼatlarining jadallashuvi, byudjet xarajatlarining oʻsishi hamda investitsion faollikning yuqori boʻlishi yalpi talabni faol ragʻbatlantiruvchi omillardan boʻlmoqda.
Shu bilan birga, xalqaro savdodagi cheklovlar va oʻzaro aloqalarga kiritilgan oʻzgarishlar tufayli global inflyatsiyaning pasayishi kutilganidan sekin kechayotgani, jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshayotganligi hamda asosiy savdo hamkor davlatlardagi inflyatsiya darajasining target koʻrsatkichlaridan yuqori shakllanganligi kelgusida import inflyatsiyasining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Ushbu sharoitlarda joriy yil yakunida inflyatsiya darajasi 8,7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
Iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimni kamaytirish va oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani joriy 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilishi iqtisodiyotda jamgʻarish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash surʼatlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillarning taʼsirini kamaytiradi.
Ayni paytda, umumiy inflyatsiyani barqaror pasayish trayektoriyasiga oʻtishi maʼlum vaqt talab etadi. Narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi oylarda kutilganidan koʻra kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 23-oktyabr kuniga belgilangan.
Manba: cbu.uz
Barcha yangiliklar

Korrupsiya haqida xabar berish — xavf emas, masʼuliyat!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.