Mahallabay ishlash natijalari haqida jamoatchilikka axborot berildi
2025-yil 24-oktabr kuni Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan "Mahallabay ishlash tizimi: natijalar va rejalar" mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Bank Boshqaruvi rahbariyati, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etgan anjumanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy etilgan mahallabay ishlashning yangicha tizimi aholini daromadli qilish va ularni biznesga jalb etishda muhim oʻrin tutayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda bankda mahallabay ishlash boʻyicha erishilgan 9 oylik amaliy natijalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ayni paytda “Biznesni rivojlantirish banki”ga biriktirilgan 614 ta mahallada 232 ta mahalla bankiri va 614 ta yordamchi agent faoliyat olib bormoqda. Ularning mahallalardagi biznes imkoniyatlarni oʻrganish, aholi gʻoyalarini loyihalarga aylantirish, moliyaviy savodxonligini oshirish hamda biznesga jalb etish boʻyicha faoliyati natijasida hisobot davrida 214 ming nafardan ortiq aholi daromadli mehnat bilan taʼminlanib, reja koʻrsatkichlar 114 foizga bajarildi.
Joriy yilning 9 oyi davomida bank tomonidan 73 ming 562 nafar aholini doimiy ishga joylashtirish rejalashtirilgan boʻlib, amalda 81 ming 871 nafarga yoki 111 foizga bajarildi.
Shu bilan birga, 113 ming 771 nafar aholini tadbirkorlikka jalb etish rejalashtirilgan boʻlib, amalda bu koʻrsatkich 132 ming 137 nafarga yetkazildi va bu boradagi reja koʻrsatkichlari 116 foizga bajarildi.
9 oyda tadbirkorlik subyektlari bilan jami 1 026 ta uchrashuv oʻtkazildi. Ularda kelib tushgan 4 ming 282 ta murojaatlarning ijobiy hal etilishi natijasida 5 515 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Shuningdek, bankka biriktirilgan mahallalarda jami 22 ming 78 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Bu borada belgilangan 19 ming 617 ta reja ham ortigʻi bilan bajarildi.
Oʻz navbatida, mikroloyihalarni amalga oshirish hisobiga 39 ming 236 ta yangi ish oʻrni yaratilish belgilangan boʻlib, amalda 45 ming 497 nafar ish oʻrni yaratildi.
Bankga biriktirilgan mahallalarda kichik va oʻrta biznes yoʻnalishida 3 trln 484 mlrd 200 mln soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi va reja-koʻrsatkichlar 104 foizga bajarildi.
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida esa 541 mlrd 900 mln soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi va reja-koʻrsatkichlar 123 foizga bajarildi.
“Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 243 mlrd. 500 mln. soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Shu bilan birga, “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida kreditlar ajratish reja-koʻrsatkichlari 101 foizni tashkil etgan boʻlib, bu 796 mlrd. 300 mln. soʻm miqdorida kreditlar ajratilganini anglatadi.
Matbuot anjumanida mahalla bankirlari va yordamchi agentlarning malakasini oshirib borishga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi. Shu maqsadda, oʻtgan davr mobaynida Fargʻona, Andijon, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi. Shu bilan birga, mahalla bankirlari va yordamchi agentlar uchun SMM kurslari oʻtkazildi.
Tadbir davomida jurnalistlar mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.
Bank axborot xizmati
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.