Loyiha haqida axborot berildi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Jahon banki hamkorligida kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun grantlar ajratish loyihasi” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan bank Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov bank tomonidan Jahon bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi bilan hamkorlikda e’lon qilingan kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun grantlar ajratish loyihasi haqida jamoatchilikka axborot berdi.
Brifingda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB mikro, kichik va o‘rta biznes korxonalarini moliyaviy va nomoliyaviy xizmatlar bilan faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgani qayd etildi.
Bank kichik va o‘rta biznes sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarning innovatsion salohiyatini oshirish, ichki, mintaqaviy va jahon bozorlarida o‘z imkoniyatlarini takomillashtirish uchun yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotlar, xizmatlar va jarayonlarni ishlab chiqishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ymoqda.
“O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida mikro, kichik va o‘rta biznes vakillarining innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashabbuskorlarning loyihalarini amalga oshirish uchun 50 000 AQSH dollarigacha grantlar ajratiladi.
Loyiha bo‘yicha arizalar qabul qilish jarayoni joriy yilning 5-sentyabrigacha davom etadi. Barcha arizalar onlayn qabul qilinadi.
Brifingda ta’kidlanganidek, loyiha tashabbuskorlariga qulaylik yaratish maqsadida, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB loyiha uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning grantdan tashqari qismini kredit shartnomalari asosida moliyalashtirishni amalga oshiradi.
Bank tomonidan ko‘zda tutilayotgan moliyalashtirish bu qo‘shimcha qulaylik bo‘lib, loyiha tashabbuskorlarining loyiha uchun boshqa manbalardan foydalanish imkoniyatlarini chegaralamaydi. Ya’ni, loyiha tashabbuskorlari o‘z xohishlariga ko‘ra bank kreditidan yoki boshqa moliyalashtirish manbalaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Mazkur loyiha innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki ularni takomillashtirish bilan shug‘ullanuvchi tashabbuskorlarga ko‘maklashadi hamda mikro, kichik va o‘rta biznes korxonalarining rivojlanishiga turtki beradi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.