Grant loyihasiga bag'ishlangan seminar o'tkazildi
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Jahon bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi bilan hamkorlikda kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun grantlar ajratish loyihasini e’lon qilgan edi.
Joriy yilning 30 iyul kuni mazkur loyihaning imkoniyatlari va dasturlar haqida batafsil axborot berish maqsadida, Jahon bankining xalqaro ekspertlari tomonidan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda “Biznesni rivojlantirish banki”ning asosiy maqsadi mikro, kichik va o‘rta biznes korxonalarini moliyaviy va nomoliyaviy xizmatlar bilan qo‘llab-quvvatlash ekanligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi PQ-306-sonli qarorga asosan bank “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish va doimiy takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda, bank kichik va o‘rta biznes sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarning innovatsion salohiyatini oshirish, ichki, mintaqaviy va jahon bozorlarida o‘z imkoniyatlarini takomillashtirish uchun yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotlar, xizmatlar va jarayonlarni ishlab chiqishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Mikro, kichik va o‘rta biznes vakillarining innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jahon banki bilan hamkorlikda “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tashabbuskorlarning loyihalarini amalga oshirish uchun 50 ming dollargacha grant ajratish amaliyoti tatbiq etiladi.
Grant dasturining asosiy shartlari:
Grant miqdori: har bir loyiha uchun 50 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
Loyihani amalga oshirish: O‘zbekiston Respublikasi hududida 12 oygacha.
Grant mazkur sohalar bo‘yicha ajratilishi rejalashtirilgan:
🟢Agro-oziq-ovqat texnologiyalari.
🟢Tibbiyot va tibbiy texnologiyalar.
🟢Yangi materiallar va kimyoviy texnologiyalar.
🟢Konchilik va metallurgiya sanoati.
🟢Biotexnologiyalar va farmatsevtika.
🟢Mashinasozlik va avtomobilsozlik.
Loyiha tashabbuskorlariga qulaylik yaratish maqsadida, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB loyiha uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning grantdan tashqari qismini kredit shartnomalari asosida moliyalashtirishni amalga oshiradi.
Seminarda bank tomonidan ajratilayotgan moliyalashtirish qo‘shimcha qulaylik ekanligi, loyiha tashabbuskorlarining loyiha uchun boshqa manbalardan foydalanish imkoniyatlarini chegaralamasligi bildirildi. Ya’ni, loyiha tashabbuskorlari o‘z xohishlariga ko‘ra bank kreditidan yoki boshqa moliyalashtirish manbalaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Tadbir ishtirokchilari mazkur loyiha innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki ularni takomillashtirish bilan shug‘ullanuvchi tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlashga hamda mikro, kichik va o‘rta biznes korxonalarining rivojlanishiga turtki berishini ta’kidlashdi.
Ma’lumot uchun, arizalarni topshirish muddati shu yilning 5-sentyabrigacha. Barcha arizalar onlayn qabul qilinadi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
Grant dasturi qo‘llanmasini ko‘ring: https://wbgrants.uz.
Ariza yuborish: https://app.wbgrants.uz.
Tel: +998 99 887 77 98
+998 94 353 90 45
E-mail: munis@wbgrants.uz
Bank axborot xizmati
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.