Fitch Ratings bankimiz kredit reytingini oshirdi
Fitch Ratings reyting agentligi “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning uzoq muddatli xorijiy va milliy valyutadagi majburiyatlari boʻyicha defolt reytinglarini “Barqaror” prognozini saqlagan holda “BB-“ dan “BB” darajaga oshirdi.
Ushbu qaror 2025-yil 26-iyun kuni Fitch Ratings tomonidan Oʻzbekistonning suveren reytingi ʻBBʻ darajaga oshirilgani ortidan qabul qilindi. Shuningdek, agentlik tomonidan Biznesni rivojlantirish bankining kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashda tayanch bank sifatidagi roli alohida eʼtirof etilgan.
Shu bilan birga, reyting agentligi hisobotida bankning kapitallashuv darajasi ortganligi, aktivlari sifatidagi yaxshilanish darajasi hamda keyingi yillarda kredit portfelining sektor koʻrsatkichlariga nisbatan yuqoriroq sur’atda o‘sish salohiyati qayd qilingan.
Bank ipoteka kreditlari boʻyicha sektorda mustahkam pozitsiyaga ega (sektor ipoteka portfelining 15% bank hissasiga toʻgʻri keladi). Shu bilan birga, kichik va oʻrta biznes uchun yoʻnaltirilgan kreditlar bank portfelining 48%ini tashkil qilishi ham agentlik hisobotida qayd etilgan.
Bank reytingining yaxshilanishi kelgusida xalqaro hamkorlar bilan olib borilayotgan transformatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish hamda xalqaro kapital bozoriga faol integratsiyalashuvini taʼminlaydi, shuningdek, mamlakatning biznes vakillari uchun qulay shartlarda yuqori sifatli moliyaviy xizmatlarni taqdim etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.