“BRB do‘stlari” klubining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 29-dekabr kuni poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB “Do‘stlar klubi”ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda bank rahbariyati, jurnalistlar, blogerlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilganlar e’tiboriga bankning 2025-yildagi faoliyat natijalari va yangi loyihalar haqidagi taqdimotlar havola qilindi.
Qayd etildiki, 2025-yil davomida bank barqaror o‘sishni ta’minlab, aktivlarini 38 trillion so‘mga yetkazdi, o‘sish sur’ati 118 foizga yetkazildi. Kredit portfeli 25 trillion so‘mga, depozitlar esa 15 trillion so‘mga yetkazildi. Bugungi kunda biznes va chakana segmentlarda 1 mln.dan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatilmoqda. Xususan, 54 mingdan ortiq tadbirkor va 979 mingdan ziyod chakana mijozlarga doimiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu ishonchli hamkorlik va uzoq muddatli munosabatlar natijasi ekani alohida ta’kidlandi.
Bank xizmatlari hududiy va operatsion jihatdan kengaydi. Bugun mamlakat bo‘ylab 75 ta sotuv nuqtasi va 323 ta 24/7 formatdagi xizmat shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. BRB mijozlarga ham vaqt, ham joy jihatidan yaqin bo‘ldi.
2025-yil BRB uchun o‘zgarishlar va samara yili bo‘ldi. Bank strategiyasi doirasida 61 ta loyiha boshlanib, 34 tasi muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Yetuk xalqaro tashkilotlar – Osiyo taraqqiyot banki, Sber, KPMG, Ernst & Young, CI Consulting va Ecopsy bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Agile, Kanban va Kaizen yondashuvlari joriy qilinib, mahsulotlarni bozorga chiqarish tezlashdi, xodimlar unumdorligi va o‘zgarishlarga moslashuvchanlik oshdi.
Kreditlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash jarayonlari avtomatlashtirildi. Natijada kredit kutish vaqti 5 soatdan 30 daqiqagacha qisqardi, operatsion xarajatlar esa yuzlab million so‘mga kamaydi.
Biznes jarayonlarni tahlil qilish uchun Process Mining va Business Studio tizimlari joriy etildi. Natijada bankdagi asosiy operatsion amaliyotlar hisobvaraq ochish, to‘lovlar nazorati va depozitlar hisobi yagona standart asosida amalga oshirila boshlandi.
Bank kartalari va operatsiyalar bo‘yicha Control Card va Card Monitor tizimlari joriy etilib, mijoz mablag‘larini himoya qilish darajasi oshirildi.
BRB mobil ilovasida sessiyaviy va tranzaksion antifrod tizimlari joriy etildi. Ushbu tizimlar orqali real vaqt rejimida shubhali harakatlar aniqlanib, 14 milliard so‘mdan ortiq mijozlar mablag‘lari firibgarlikdan himoyalandi va bankning operatsion, shuningdek, reputatsion risklari sezilarli darajada kamaydi.
Raqamli infratuzilmaning yuragi bo‘lgan BRB NEO platformasi ishga tushirildi. U zamonaviy mikroservis arxitektura asosida ishlaydi va bankning barcha raqamli mahsulotlari uchun tez, xavfsiz va barqaror ishlash muhitini yaratdi.
Bank sayti va mobil ilovasida sunʼiy intellektga asoslangan chat-bot yechimlari bank xizmatlarining ajralmas qismiga aylandi. Zarina AI orqali mijozlar 24/7 rejimida tezkor maslahatlar olib, bank xizmatlaridan yanada qulay foydalanmoqda. Ushbu yechimlar mijozlar tajribasini yaxshilab, aloqa markaziga tushadigan yuklamani kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Marketing faoliyatida raqamli kanallar tizimli ravishda rivojlantirildi. Bank sayti, Facebook, Instagram, Telegram va Google targ‘ibot kanallari A’lo CRM bilan integratsiya qilinib, lead generation — mijozlarni jalb etishning yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Natijada ushbu raqamli kanallar orqali kuniga o‘rtacha 130 tadan ortiq arizalar kelib tushmoqda.
Bankda xavfsizlik va shaffoflik alohida ustuvorlikka ega. Komplaens tizimlari orqali ichki va tashqi risklar boshqarilmoqda. Axborot xavfsizligi xalqaro ISO standartlari asosida kuchaytirildi. Ichki audit tizimi esa KPMG tomonidan baholanib, GIAS 2024 standartlariga muvofiqlik darajasi 87 foiz deb e’tirof etildi. O‘sish 22%.
Kredit portfelining sifati ustidan nazorat oshirilib, muammoli aktivlar bilan ishlash tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Erta aniqlash, monitoring va undirish mexanizmlari kuchaytirildi. Natijada muammoli qarzdorlik bilan ishlash jarayonlari tizimli va markazlashgan shaklga o‘tkazildi, aktivlar sifati yaxshilandi va bank balansining barqarorligi mustahkamlandi.
Aloqa markazida CRM joriy etilishi natijasida kuniga o‘rtacha 700 dan ortiq qo‘ng‘iroq qabul qilinib, bundan 600 dan ortig‘i operatorlar tomonidan, 500 dan ziyod murojaat esa IVR orqali avtomatik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Natijada operatorlarga tushadigan yuklama kamaydi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish tezligi va sifati oshdi.
Huquqiy ekspertiza va oldindan nazorat mexanizmlari orqali bank faoliyatida huquqiy xatarlar kamaytirildi, nizoli holatlarning oldi olindi va moliyaviy yo‘qotishlar oldindan bartaraf etildi.
Xalqaro moliya institutlari bilan ishlash doirasida bank tomonidan 357,1 mln. AQSh dollaridan ortiq resurslar jalb qilindi. Bu BRBning xalqaro maydondagi ishonchliligini tasdiqlaydi.
Mahallalar bilan bevosita hamkorlik orqali aholi biznes g‘oyalarini amalga oshirishda ko‘mak berilmoqda, kichik va o‘rta biznes loyihalari moliyalashtirildi.
BRB moliyalashtirishni faqat yirik loyihalar bilan cheklab qolmadi. Tomorqa biznesini qo‘llab-quvvatlash orqali minglab oilalar uchun daromad manbalari yaratildi.
Bank faoliyati ochiq axborot siyosati asosida yoritildi. Ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalarda BRB faoliyati muntazam yoritilib, bankning jamoatchilik oldidagi ishonchi va institutsional mavqe’i mustahkamlandi.
Bularning barchasi, eng avvalo, insonlar orqali amalga oshirildi. Bankda xodimlar samaradorligi ochiq KPI tizimlari orqali baholanmoqda, HR jarayonlari raqamlashtirildi, ichki kadrlar zaxirasi shakllantirildi va yosh yetakchilar tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “BRB Do‘stlari” loyihasi bu ochiq muloqot maydoni bo‘lib, unda bank faoliyati va uni takomillashtirishga oid fikr-mulohazalar muhokama qilinadi.
Jamladan, tadbirda bankning kelgusi yilga mo‘ljallangan tashabbuslari haqida ham ma’lumot berildi. Tak’kidlandiki, 2026-yil BRB uchun rivojlanishning yangi bosqichi bo‘ladi. Bu transformatsiyaning birinchi bosqichi yakunlanadigan, barqaror o‘sish va sifatli xizmatlar yanada chuqurlashadigan yil.
Bu yildagi o‘zgarishlar yangi – “Har qadamda yoningizda”!, shiori bilan amalga oshirladi.
Tadbirda klub a’zolarinig mazkur taqdimotlar va bank faoliyatiga doir boshqa taklif va mulohazalari tinglandi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.