Bank va to‘lov tizimlarida kiberxavfsizlikni ta'minlashga oid seminar
2025-yil 26-iyun kuni poytaxtimizdagi “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziyi banki va “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamkorligida “Kibertahdidlar, firibgarliklar va ma’lumotlar sizib chiqishi: bank va to‘lov tizimlari xavfsizligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbir avvalida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Baxromxo‘ja Sharipov so‘zga chiqib, bugungi kun moliya va bank sektori oldida turgan asosiy vazifalardan biri — firibgarlik, korrupsion omillarni aniqlash va oldini olish orqali xavfsizlikni taʼminlashda xalqaro tajribalarning o‘rni muhim ekanligini qayd etdi.
Seminarda Markaziy bank va “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamda “Deloitte”, “Cisco”, “Check Point”, “CrowdStrike”, “Turan Security” kabi xalqaro va mahalliy kompaniyalar ekspertlari bank tizimining barqaror ishlashiga xavf soluvchi kibertahdidlar, shuningdek, bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan taqdimotlari bilan qatnashdi.
Seminar davomida quyidagi mavzularda o‘zaro fikr almashildi:
O‘zbekiston bank tizimida kiberxavfsizlik ta’minlanganlik holati;
Kiberxavfsizlik hodisalarini tahlil qilishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishning ahamiyati;
Tijorat banklarida qo‘llanilayotgan antifrod tizimlarining samaradorligi;
Moliyaviy jinoyatlarni oldini olish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasi;
Tashqi kibertahdidlarga tezkor javob qaytarishga mo‘ljallangan zamonaviy dasturiy yechimlar.
O‘z navbatida, Markaziy bank mas’ullari tomonidan bugungi kunda firibgarlar tomonidan fuqarolarga yetkazilayotgan moliyaviy zararning ko‘lamidan kelib chiqib, kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasi, SIM karta hamda elektron hamyondan foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar (“drop”lar) uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar belgilash bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi ma’lum qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan yil sayin rivojlanib borayotgan onlayn formatdagi bank va to‘lov xizmatlarini mijozlarga nafaqat qulay balki xavfsiz qilishda ekspertlarning mana shu formatdagi o‘zaro tajriba almashinuvi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar

Milliy libos chellenjini jizzaxlik hamkasblarimiz davom ettirdi
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.