Anglashinuv Memorandumi imzolandi
Joriy yilning 24 sentabr kuni Biznesni rivojlantirish banki va AQSh Xalqaro xamkorlik Agentligi (USAID) ning O‘zbekistonda biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi o‘rtasida Anglashinuv Memorandumi imzolandi.
Mazkur Memorandum tomonlar o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, mamlakatda barqaror va inklyuziv iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
Iqtisodiy raqobatbardoshlikni mustahkamlash: Loyiha doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va yashil iqtisodiyot sohalari jadal rivojlantirilishi, shuningdek, to‘qimachilik va turizm tarmoqlarining yuqori daromadli xalqaro bozorlarga integratsiyasi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash: Tomonlar kichik va o‘rta korxonalarning bozorga chiqishga tayyorligini oshirish, ularning moliyaviy manbalarga kirishini yengillashtirish hamda ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshiradilar. Bu esa korxonalarning muvaffaqiyatli rivojlanishi va innovatsiyalarni joriy etishini ta’minlashga yordam beradi.
Biznes ekotizimini yaratish: Loyihaning muhim yo‘nalishi biznes maslahat xizmatlarini, xususan, raqamli va ekologik texnologiyalarga alohida e’tibor qaratgan holda, mustahkamlashdan iborat. Shu bilan birga, O‘zbekistonda biznes uchun qulay muhit yaratish maqsadida normativ-huquqiy bazani yaxshilash rejalashtirilgan.
Yashil moliyaviy tuzilmani shakllantirish: Tomonlar ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish bo‘yicha xususiy sektor bilan hamkorlik qilish, maslahatlar berish va treninglar o‘tkazish orqali bu sohani rivojlantirishga qaratilgan choralarni amalga oshiradilar.
USAIDning biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi 2023 yil oktabridan 2028 yil sentabrigacha amalga oshiriladigan strategik besh yillik tashabbus bo‘lib, uning asosiy maqsadi kichik va o‘rta korxonalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, inklyuziv ish o‘rinlarini yaratish hamda O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy sektorlariga investitsiyalarni jalb qilishdan iborat.
Loyiha haqida: USAIDning biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi — O‘zbekistonda barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan strategik tashabbusdir. Loyiha doirasida biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun to‘siqlarni kamaytirish, shuningdek, ayollar, yoshlar va kam vakillik qilingan guruhlarga imtiyozlar yaratish rejalashtirilgan. Bu tashabbus USAIDning iqtisodiyotning asosiy sektorlarini rivojlantirish, yangi o‘sish manbalarini rag‘batlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.