7 oyda 1 trln 273 mlrd soʻmlik ipoteka krediti berildi
Joriy yilning 21-avgust kuni Milliy matbuot markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.
Unda mazkur moliya muassasasi mamlakatimizda aholini uy-joy bilan taʼminlash, fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli davlat dasturlarida faol ishtirok etayotgani taʼkidlandi.
Xususan, bankda uy-joy xarid qilish, qurish, rekonstruksiya va taʼmirlash maqsadlari uchun 10 dan ortiq kredit mahsulotlari joriy qilingan.
2025-yilning 7 oyida bank tomonidan barcha manbalar hisobidan 4 596 nafar fuqaroga 1 trln 273 mlrd soʻm miqdorida ipoteka krediti ajratilgan.
Jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablagʻlari hisobidan birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralar sotib olish, uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) uchun – 3 709 nafar fuqaroga 1 trln 41 mlrd soʻm ajratildi. Shundan 1 841 nafar fuqaroga 545 mlrd soʻmlik ipoteka kreditlari subsidiya toʻlovlari asosida berildi.
Oʻtgan davrda bank tomonidan:
- Qishloq qurilish invest Injiniring kompaniyasi ishtirokida namunaviy uy-joylar uchun – 367 nafar fuqarolarga 52 mlrd soʻmlik;
- bankning oʻz mablagʻlari hisobidan ikkilamchi bozordan uy-joy xarid qilish, uy-joy taʼmirlash, qurish va rekonstruksiya qilish uchun – 501 nafar fuqaroga 174,2 mlrd soʻmlik ipoteka kreditlari ajratildi.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan bank tomonidan aholiga ajratilgan ipoteka kreditlar salmogʻi 941 mlrd soʻmga yoki 383 foizga ortdi.
Brifingda qayd etilishicha, “Biznesni rivojlantirish banki”da aholiga ipoteka krediti ajratilishida qator qulayliklar joriy qilingan.
Xususan, rasmiy daromadga ega boʻlmagan shaxslarga ularning Humo va Uzcard bank kartalari aylanmasi maʼlumotlari asosida ipoteka krediti ajratish mexanizmi joriy qilingan.
Aholi xonadonlarini energiya tejamkor va ekologik toza mahsulotlardan foydalangan holda taʼmirlashlari uchun “Yashil taʼmir” ipoteka krediti mahsuloti joriy etildi.
Bundan tashqari ipoteka krediti ajratilishida bank mobil ilovasi orqali onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratilgan.
Bank Axborot xizmati
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.