"Biznesni rivojlantirish banki"ning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi
2024-yil 4-iyul kuni “Biznesni rivojlantirish banki”ning 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi: tashabbuslar va kutilmalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda bank Boshqaruvi rahbariyati, tarkibiy tuzilmalar mas’ul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi” asosida mamlakatimiz bank tizimida faol islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida ham mazkur Strategiyaga mos ravishda transformatsiya jarayonlari faol kechmoqda. KPMG xalqaro kompaniyasi bilan hamkorlikda bankni 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Matbuot anjumanida mazkur strategiyaning mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan tashabbuslar va istiqboldagi kutilmalar haqida axborot berildi.
Bankning yangi Strategiyasida kelgusi 3 yildagi istiqbolli vazifalar va asosiy maqsadlar belgilab olindi. Xususan, 2026-yilgacha bank aktivlari 2,3 baravarga oshirilib, bugungi 27 trln. so‘mdan 62 trln.so‘mga, kapital bo‘yicha 3,2 trln. so‘mdan 7,1 trln. so‘mga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mijozlarga eng qulay hamda foydali shartlarda mahsulotlarning taqdim etilishi natijasida, bankning kredit portfeli 25 trln.so‘mga yoki 2,1 barobarga oshirilib, 46,8 trln. so‘mga va depozitlar hajmi 12,2 trln. so‘mga yoki 2,3 barobarga oshirilib, 21,6 trln.so‘mga yetkaziladi.
Kichik biznes vakillari bo‘lgan mijozlar sonini 115 mingtagacha oshirib, bozorning 17,7 foizini hamda chakana biznes mijozlari sonini 2,5 mln.tagacha oshirib, bozorning 16,7 foizini egallash belgilab olingan.
Mijozlarning 75 foizini onlaynga o‘tkazib, ularni faol mobil ilova va internet-banking foydalanuvchilariga aylantirish rejalashtirilgan.
Anjumanda bankning 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishish uchun 250 dan ortiq tashabbuslar ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Bunda, 27 ta tashabbus axborot texnologiyalarini rivojlantirishga, 48 tasi Inson kapitalini rivojlantirishga hamda 83 tasi Biznesni rivojlantirishga qaratilgan.
Shundan 39 ta tashabbus kichik biznes yo‘nalishida, 44 tasi esa chakana biznes yo‘nalishida amalga oshiriladi.
Ta’kidlandiki, Strategiyani ishlab chiqishda bank uchun biznes yo‘nalishida xizmatlarning soddaligi, ommabopligi va tezkorligi muhim mezon etib belgilandi.
“Biznesngi rivojlantirish banki” ATB kelgusida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va eksportni ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni moliyalashtirishda faol ishtirok etadi. Shuningdek, zamonaviy bank xizmatlarini taqdim qilish orqali moliya bozoridagi mavqeini mustahkamlashga intiladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.