IV-Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida uchrashuvlar oʻtkazildi
Joriy yilning 10–12-iyun kunlari Toshkent shahridagi “CAEx” xalqaro koʻrgazmalar markazida boʻlib oʻtayotgan IV-Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi (TIIF 2025) 75 dan ortiq davlatdan kelgan 3 000 dan ziyod ishtirokchini oʻzida jamladi.
Forum xalqaro investorlar, moliya institutlari, biznes va davlat sektori vakillari oʻrtasida muloqot, sheriklik va yangi loyihalarni muhokama qilish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda.
Ushbu yirik tadbir doirasida 2025-yil 11-iyunda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB bir qator xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan samarali uchrashuvlar oʻtkazdi.
Jumladan, bank vakillari Aktifbank (Turkiya), FAB – First Abu Dhabi Bank va Cargill Financial Services International Inc (BAA), BK Trade Capital (Shveysariya, tashqi savdo va moliyaviy xizmatlar sohasida ixtisoslashgan kompaniya), Commerzbank (Germaniya), Olam Agri (Singapur, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi va taʼminoti sohasida faoliyat yurituvchi global agroindustrial kompaniya), StoneX (AQSH, tovar, valyuta va moliya bozorlarida brokerlik va savdo xizmatlari koʻrsatuvchi moliyaviy korporatsiya), Landesbank Baden-Württemberg (Germaniya) kabi nufuzli tashkilotlar bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlar davomida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishdilar. Xususan, kichik va oʻrta biznes uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish, eksport va savdo moliyasi, hamda xalqaro banklar bilan korrespondentlik munosabatlarini mustahkamlash boʻyicha hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi.
Ushbu muzokaralar “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning xalqaro hamkorlikni kengaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsishiga koʻmaklashishga qaratilgan strategik maqsadlarini amalga oshirishda muhim qadam boʻldi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.