2025-yilda inflyatsiya va iqtisodiy o‘sishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy makroiqtisodiy risklar
Markaziy bank 2025-yilda makroiqtisodiy rivojlanishdagi noaniqliklar va risklarni e’lon qildi.
2025-yilning birinchi yarmida inflyatsiyaga mavsumiy xarakterga ega taklif omillari ta’sirining kamayib borishi, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari hamda makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishi inflyatsion kutilmalarning pasayishiga yordam beradi.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Kelgusida yuqoridagi o‘zgarishlarning bazaviy inflyatsiyaga ikkilamchi ta’sirlari darajasi pul-kredit sharoitlari yo‘nalishlarini belgilovchi muhim omil bo‘ladi.
2025 yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar ortishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, kelgusi choraklarda jahon bozorida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘sishi bo‘yicha xatarlar import narxlari orqali inflyatsiyaga oshiruvchi ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, dunyoda proteksionistik kayfiyatning kuchayishi va savdo cheklovlarining ortishi global ta’minot zanjirlarida muammolarga olib kelishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, global inflyatsiyaning hozirgi pasayish tendensiyasini o‘zgartirib, inflyatsiya bosimining uzoqroq muddat saqlanib qolishi ehtimolini oshirishi mumkin.
Bundan tashqari, global inflyatsiya risklarining kuchayishi sharoitida markaziy banklar pul-kredit siyosatini yumshatishni kechiktirishi mumkin, bu esa arzon pulga egalikni qiyinlashtiradi.
Dunyoda davom etayotgan geosiyosiy keskinliklar (mojarolar, sanksiyalar, savdo urushlari) ham xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlari narxining yanada oshishiga olib kelishi mumkin. Xususan, jahon bozorida oziq-ovqat narxining o‘sishi kelajakda O‘zbekistonda ichki narxlarga bosimni kuchaytirishi mumkin.
Bundan tashqari, sanksiyalar xavfining ortishi to‘lovlar va yetkazib berishdagi kechikish tufayli tashqi savdo va pul o‘tkazmalariga salbiy tasir ko‘rsatadi.
“Energetika islohoti”ning navbatdagi bosqichida 2025 yil aprel oyida yuridik shaxslar uchun energiya tariflarining o‘zgarishi ishlab chiqarish tannarxining oshishiga va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar inflyatsion kutilmalarining tezlashishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, aprel oyida kompressor yonilg‘i quyish shoxobchalari uchun tabiiy gazning ulgurji narxi oshishi, o‘z navbatida, transport xarajatlarining o‘sishi natijasida mahsulot tannarxiga ta’sir qilishi mumkin.
Qolaversa, iqtisodiyotdagi yuqori investitsion faollik va aholi real daromadlarining sezilarli o‘sishi iste’mol talabini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi mumkin, bu esa kelajakda talab omillari ta’sirining saqlanib qolishiga, ya’ni inflyatsiyaning oshishiga olib keladi.
O‘zbekistonda 1 apreldan elektr energiyasi va gaz narxlarining navbatdagi oshirilishi rejalashtirilgan. O‘tgan yilning noyabrida Markaziy bank 2025-yil va 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqlagan edi. Unda iqtisodiy rivojlanishning asosiy, muqobil va xavfli ssenariylari nazarda tutilgan.
Inflyatsiya jarayonlarining umumiy pasayishiga qaramay, 2027-yilga borib inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasiga erishishni sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan ichki va tashqi omillarning ta’siri ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat narxlariga ta’sir qiladi. Masalan, 2022-yil boshida ob-havoning g‘ayritabiiy sovuq bo‘lishi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, 2023 yilda esa beqaror iqlim sharoiti meva-sabzavot hosildorligini pasaytirib, narxlar oshishiga sabab bo‘ldi. 2024-yilda yaxshi sharoitlar oziq-ovqat mahsulotlariga deinflyatsiya ta’sirini ko‘rsatdi. Kelajakda iqlimning beqarorligi inflyatsiyani oshirishi mumkin.
Faol islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlar vaqtincha inflyatsiya kutilmalar va asosiy inflyatsiyaga bosimni oshirishi mumkin. Agar inflyatsiya uzoq vaqt davomida yuqori darajada saqlanib qolsa, Markaziy bank pul-kredit siyosatini kuchaytirishga majbur bo‘ladi.
Agar jiddiy risklar yuzaga kelsa, rag‘batlantiruvchi byudjet siyosatini kuchaytirish mumkin, bu esa taklif cheklangan holda talabning oshishiga olib keladi. Bu qo‘shimcha inflyatsiya bosiminikeltirib chiqaradi va byudjet taqchilligining ortib ketishiga olib kelishi mumkin.
Energiya xatarlariga quyidagicha izoh berilgan. Cheklangan ta’minot sharoitida energiya resurslariga talabning ortishi taqchillik va uzilishlarga, ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga va inflyatsiya bosimining kuchayishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda pul-kredit siyosatining samaradorligi pasayadi.
Oxirgi marta tariflar o‘tgan yilning may oyida, ijtimoiy normalar joriy qilingan paytda ko‘rsatilgan edi.
Aholi uchun 1 kVt/soat elektr energiyasining bazaviy (ijtimoiy me’yor doirasida) narxi 295 so‘mdan 450 so‘mga (+52,5 foiz), 1 kub metr gazning narxi 380 so‘mdan 650 so‘mga (+71 foiz) oshgan. Iste’mol hajmi ko‘paygani sayin tarif bir necha barobar ortadi. 1 apreldan elektr energiyasiga (oyiga 200 kVt/soat doirasida) bazaviy tarif yana 33,3 foizga — 450 so‘mdan 600 so‘mga, gaz uchun — 650 so‘mdan 1000 so‘mga (+53,8foiz) oshadi.
Aprelda elektr energiyasi va gaz tariflarining oshishi inflyatsiyaning qo‘shimcha 1,8−1,9 foiz punktiga ko‘tarilishiga olib keladi. Bu joriy yil uchun 7−8 foiz atrofida bo‘lishi kutilayotgan inflyatsiya prognozida allaqachon hisobga olingan.
Qayd etilishicha, 2025 yilda byudjet taqchilligining YAIMga nisbatan 3 foiz atrofida shakllanishi belgilangan bo‘lib, fiskal konsolidatsiya davom ettiriladi. Fiskal xarajatlarning optimallashishi fonida davlat iste’moli xarajatlari o‘sishi real hisobda 2024-yil ko‘rsatkichlari doirasida bo‘lishi kutilmoqda.
Barcha yangiliklar

DIQQAT, BRIFING!
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.