YURIDIK SHAXSLAR VA TADBIRKORLIK SUB’EKTLARINING HISOBVARAQLARIGA MASOFADAN XIZMAT KO‘RSATISh BO‘YICHA OMMAVIY OFERTA
I. Shartnoma predmeti
1.1.Bank O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘grisida”gi qonuniga asosan Mijozning topshirig‘iga ko‘ra uning hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimi orqali xizmat ko‘rsatadi.
1.2. “Internet-banking”(“Mobil-banking”) dasturiy majmuasi Mijozga tegishli texnika asosida ushbu majmuaga ulanish hamda elektron imzo qo‘yishga ruxsat beruvchi elektron kalit (yoki parol) va maxsus dasturiy ta’minotni vaqtinchalik foydalanishga berishni o‘z ichiga oladi.
1.3. Elektron kalit Mijozning imzo namunalari kartochkasida ko‘rsatilgan shaxslardan faqat bittasiga Mijozning yozma arizasiga asosan beriladi.
1.4. “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasi orqali Mijoz o‘z hisobvarag‘idan elektron to‘lov hujjati sifatida faqatgina to‘lov topshiriqnomasi o‘tkazilishi mumkin. Mijoz tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron to‘lov topshiriqnomasi to‘lov hujjatining asl nusxasiga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi.
1.5. “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasi va elektron kalit Bank mulki hisoblanadi.
II. Tomonlarning majburiyatlari
2.1. Bank majburiyatlari:
2.1.1. Mazkur xizmat turini ulash uchun mijoz tomonidan ariza taqdim qilingandan so‘ng 10 kun davomida bank tomonidan “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasiga ulanish uchun ruxsat beradi, dasturiy vositalar va ularni o‘rnatish hamda ishlatish bo‘yicha tegishli yo‘riqnomalarni tayyorlaydi. Tayyorlangan materiallar, foydalanuvchining nomi va paroli, shuningdek, dasturning ish vaqti ko‘rsatilgan xabarni muhrlangan konvertda mazkur shartnomaning 1.3-bandida ko‘rsatilgan Mijoz vakiliga konvertni qabul qilib olganlik to‘g‘risida maxsus daftarga imzo qo‘ydirib yozma tilxat asosida taqdim qiladi.
2.1.2. Mijozni “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasida ro‘yxatga olingan va elektron imzo qo‘yish huquqini beruvchi elektron kalit (yoki parol) bilan ta’minlaydi.
2.1.3. Bank Mijozdan elektron kalitning yo‘qotilganligi yoki identifikatsiya va autentifikatsiya ma’lumotlari uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lib qolganligi to‘g‘risida xabar olganda, ushbu imzo bilan yuborilgan barcha to‘lov hujjatlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatadi, “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasiga kirishni bekor qiladi va bu haqida Mijozga 1 kun muddat ichida xabar beradi.
2.1.4. Mijozga ko‘paytirish va boshqa tashkilotlarga tarqatmaslik sharti bilan “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasini o‘rnatish hamda ishlatish bo‘yicha tegishli yo‘riqnomalarni foydalanishga beradi.
2.1.5. Mijoz yoki mijoz tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiya 2886-ga asosan yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kiritilgan taqdirda, bank ushbu mijozni tekshirishning kuchaytirilgan chora-tadbirlarini – operatsiya bo‘yicha pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk manbalari haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni olish, maqsadlarini o‘rganish, ushbu mijoz tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalar ustidan doimiy monitoring yuritish va bu haqda komplaens nazorat xizmati masul xodimiga xabar berishlari shart.
2.2. Mijoz majburiyatlari:
2.2.1.Mazkur shartnoma tuzilishi arafasida “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasini ishlatish uchun zarur bo‘lgan barcha texnik vositalar ning (kompyuter, modem, mobil telefon, chop etish qurilmalari va boshqalar) bo‘lishini ta’minlaydi.
2.2.2. “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tmagan o‘z xodimlariga hamda boshqa shaxslarga elektron kalitlar va dasturiy ta’minotlarni bermaydi, shuningdek, dasturga kirish parolini oshkor etmaydi.
2.2.3. Elektron kalit yo‘qotilgan taqdirda yoki identifikatsiya va autentifikatsiya ma’lumotlari uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lib qolgani bo‘yicha shubha tug‘ilganda, tegishli choralar ko‘rishi uchun darhol Bankni xabardor qiladi.
2.2.4. Ushbu shartnoma qaysi tomonning tashabbusi bilan bekor qilinganidan qat’i nazar elektron kalitni shikastlamasdan uni butun holatda bankka qaytaradi.
III. Tomonlarning xuquqlari
3.1.Bank quyidagi xuquqlarga ega:
3.1.1. Mijoz tomonidan mazkur shartnoma bo‘yicha olingan majburiyatlar bajarilmaganda Mijozga “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturi orqali xizmat ko‘rsatish to‘xtatiladi va shartnoma bir taraflama bekor qilinadi.
3.1.2. Mijozning aybi bilan yo‘qotilgan, ishdan chiqqan elektron kalit uchun bank tariflariga muvofiq haq to‘lashni talab qiladi.
3.1.3 “Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari” ga (ro‘yxat raqami 2886, 2017-yil 23-may) muvofiq mijoz hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishga yoki ularni amalga oshirishni rad etishga haqli) qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
3.2.Mijoz quyidagi huquqlarga ega:
3.2.1. Bankdan “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturini ishlatish qoidalari hamda ushbu qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida axborot oladi.
3.2.2.“Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturi turli sabablarga ko‘ra ishlamagan taqdirda, bankka kelib belgilangan tartiblar asosida to‘lov hujjatlarini o‘tkazadi.
IV. Bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimi majmuasining ish tartibi
4.1. “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturi o‘rnatilgandan so‘ng bu haqida ikki tomonlama dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma tuzilgan kundan boshlab dasturiy majmua ishga tushadi.
4.2. “Internet-banking” (“Mobil-banking”) tizimi bo‘yicha tomonlarning ish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining me’yoriy hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.
4.3. Mijoz har kuni “Internet-banking” (“Mobil-banking”) tizimining ish faoliyati boshlanishidan oldin, o‘tgan kun uchun «hisobvarag‘idan olingan ko‘chirma»lar yordamida bank bilan o‘z hisob varag‘laridagi aylanmalar va qoldiqlarni solishtirishi shart. Agar bank ko‘chirmasi va mijoz hisobvarag‘i o‘rtasida farq aniqlansa, hisobvaraqni blokirovka qilish hamda farq sababini aniqlash uchun Mijoz bankni zudlik bilan ogoh qilishi lozim. Bank va mijoz o‘rtasida farq bo‘yicha aniqlik kiritilib, tegishli solishtirma dalolatnomasi rasmiylashtirilmagunga qadar blokirovka bekor qilinmaydi.
4.4. Bank mijoz tomonidan aloqa kanallari orqali yuborilgan elektron to‘lov hujjatlar bo‘yicha to‘lovlarni, agar amaliyot kuni mobaynida yuborilgan bo‘lsa, ushbu amaliyot kunining o‘zida amalga oshishini ta’minlaydi. Amaliyot kuni tugagandan keyin yuborilgan to‘lov hujjatlari bo‘yicha to‘lovlarni bankning keyingi amaliyot kunidan kechiktirmasdan amalga oshishini ta’minlaydi.
4.5. “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturiy majmuasidan foydalanuvchi mijozlarning hisob-kitob hujjatlari bo‘yicha bankda alohida hujjat aylanmasi olib boriladi.
4.6. Mijoz tomonidan “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturi orqali to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng, elektron to‘lov hujjatlari bank tomonidan reestr ko‘rinishida chop etiladi va kunlik hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
Tizim orqali xizmat ko‘rsatiladigan shaxsiy hisobvaraqlardan ko‘chirmalar mijozning o‘zi tomonidan chop qilinadi.
4.7. Mijoz “Internet-banking” (“Mobil-banking”) tizimi orqali yuborilgan hisob-kitob hujjatlarining asl nusxasini o‘zida tikib borilishini ta’minlashi hamda o‘tkazilgan to‘lovlarni hisobvaraqdan ko‘chirma bilan muntazam taqqoslab borishi lozim.
4.8. Mijoz tomonidan elektron kalit yo‘qotilgan taqdirda yoki identifikatsiya va autentifikatsiya ma’lumotlari uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lib qolgani bo‘yicha shubha tug‘ilganda, bank va mijoz o‘rtasida belgilangan tartibda uning sabablarini ko‘rsatgan holda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Mijozga yangi kalit (parol) berilgunga qadar “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturida operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berilmaydi. Mijozning topshirig‘i bo‘yicha tizim orqali uchinchi shaxslarning to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4.9. Agarda mijozning hisobvarag‘ida to‘lov uchun mablag‘lar yetarli yoki mavjud bo‘lmasligi oqibatida Kartoteka-2 da (90963 h/v) muddati o‘tgan kreditorlik qarzlari bo‘yicha to‘lov hujjatlari (inkassa topshiriqnomalar, talabnomalar va boshqa hujjatlar) mavjud bo‘lsa, “Internet-banking” (“Mobil-banking”) dasturi orqali to‘lovlarni o‘tkazish Kartoteka-2dagi qarzdorlik to‘liq to‘langunga qadar to‘xtatiladi. To‘lovlar amaldagi tartibga (AVda 20.03.2012 yilda 2342-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan Yo‘riqnoma) asosan bankning buxgalteriya ma’sul xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
4.10. Mijozning hisobvarag‘ida to‘lov uchun mablag‘lar yetarli yoki mavjud bo‘lmasa mijoz tomonidan tizim orqali bankka yuborilgan elektron to‘lov topshiriqnomasi qayta ishlash uchun bank amaliyot kuniga qabul qilinmaydi.
V. Bank va Mijoz o‘rtasidagi mazkur shartnoma bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblar
5.1. Bank tomonidan Mijozga “Internet-banking” (“Mobil-banking”) tizimi bo‘yicha ish joyini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan dasturiy vositalarni o‘rnatish hamda elektron kalit bepul foydalanishga beriladi.
5.2. Amalga oshirilgan to‘lov operatsiyalari miqdoridan qat’i nazar “Internet-banking” (“Mobil-banking”) tizimidan foydalanganlik uchun bank tarifiga muvofiq belgilangan oylik abonent to‘lovi Mijoz hisobvarag‘idan memorial order orqali undiriladi.
5.3. Bank mijozni ikkinchi marta elektron kalit bilan ta’minlaganda (elektron kalit mijozning ehtiyotsizligi sababli ishdan chiqqanda yoki yo‘qotilganda) bank tarifiga muvofiq haq undiriladi.
VI. Tomonlarning javobgarligi
6.1. Mijoz elektron to‘lov hujjatlarining to‘g‘ri shakllantirilishi, dasturga bog‘lanishda aloqa kanalini to‘g‘ri tashkil etilganligi uchun, shuningdek “Internet-banking” (“Mobil-banking”) tizimi bo‘yicha axborot xavfsizligihamda elektron kalit va dasturiy vositalarning to‘g‘ri ishlatilishi bo‘yicha javobgardir.
6.2. Mijoz tomonidan “Internet-banking”(“Mobil-banking”) tizimi orqali o‘z hisobvarag‘i bo‘yicha bajarilgan barcha operatsiyalarning qonuniyligiga mijozning o‘zi javobgar hisoblanadi.
6.3. Masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchi mijoz bank xizmatlari ofisi Bosh buxgalter tasdig‘isiz masofadan kiritgan barcha to‘lov topshiriqnomalari uchun mijozning o‘zi shaxsan javobgar bo‘ladi.
6.4. Bank tomonidan mijoz hisobvarag‘iga pullarni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish tartibi hamda elektron to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlari buzilgan taqdirda bank belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
6.5. Mijoz uchun berilgan elektron kalit va paroldan “Internet-banking” (“Mobil-banking”) tizimida boshqa shaxslarning foydalanishi oqibatida Mijozning o‘ziga yoki bankka yetkazilgan zarar buyicha butun javobgarlik Mijoz zimmasiga yuklatiladi.
VII. Nizolarni hal qilish tartibi
7.1. Ushbu shartnomaning bajarilishi yuzasidan kelib chiqadigan nizolar taraflarning o‘zaro kelishuvi orqali hal etiladi.
7.2. Taraflar kelishuvga erishmagan taqdirda, nizolar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari asosida sud orqali hal etiladi.
VIII. Yakuniy qoidalar
8.1. Ushbu shartnoma nomuayyan muddatga tuziladi va “Internet-banking” (“Mobil-banking”) tizimi ishga tushgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
8.2. Ushbu shartnomaga kiritiladigan barcha o‘zgarishlar bankning rasmiy saytida e’lon qilib boriladi hamda mijoz aloqa vositalari orqali xabardor qilib boriladi
8.3. Ushbu shartnoma onlayn oferta hisoblanib, mijoz xohlagan vaqtda tanishib yuklab olish imkoni mavjud.