Tavakkalchiliklarni barvaqt aniqlash va boshqarish boʻyicha trening o‘tkazildi
Joriy yilning 11-12-iyul kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Crystal Resort” sogʻlomlashtirish majmuasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning Monitoring departamenti xodimlari uchun maxsus oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi. Ikki kunlik trening “Monitoring tizimi asosida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan risklarni erta bosqichlarda aniqlash, boshqarish va tahlil qilish” mavzusiga bagʻishlandi.
Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — bankni 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish Strategiyasi doirasida Strat32 (Potensial defolt belgilarini koʻrsatayotgan qarz oluvchilar bilan faol hamkorlik qilish uchun chora tadbirlar oʻrnatish) va Strat33 (Xodimlarga risklarni boshqarish boʻyicha ilgʻor tajribalar boʻyicha muntazam treninglar oʻtkazish orqali bankda riskdan xabardorlik madaniyatini rivojlantirish) strategik tashabbuslari doirasida bank tizimida kredit monitoringi samaradorligini oshirish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni erta bosqichlarda aniqlash va ularni boshqarishda xalqaro ilgʻor tajribalarni amaliyotga joriy etishdan iborat.
Oʻquv dasturini Monitoring departamenti direktori U.Bekchanov ochib berdi. Seminar davomida soha mutaxassislari va yetakchi trenerlar tomonidan bank tizimi uchun muhim hisoblangan quyidagi yoʻnalishlarda maʼruzalar oʻqildi va amaliy muhokamalar oʻtkazildi.
·Bankda riskdan xabardorlik madaniyati: Tajribali trener Javohir Mansurov tomonidan bank tizimida risk madaniyatini rivojlantirish istiqbollari, tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalar hamda erta ogohlantirish tizimlari orqali xavf-xatarlarning oldini olish mavzulari atroflicha yoritildi.
·Kredit monitoringi va toifalash: Monitoring departamenti direktori U.Bekchanov erta ogohlantirish dasturi orqali kreditlarni toifalarga ajratish bosqichlariga toʻxtalib oʻtdi.
·Garov taʼminoti va muammolar tahlili: Departament direktori oʻrinbosari F.Movlonov kreditlarning garov taʼminotlarini almashtirish, muddatini uzaytirish bosqichlari va tizimda yuzaga kelayotgan joriy muammolar yechimi yuzasidan oʻz tahlillarini taqdim etdi.
Seminar faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmadi. Dastur doirasida jamoani jipslashtirish (team building) maqsadida bank xodimlari oʻrtasida turli sport oʻyinlari va madaniy hordiq daqiqalari ham tashkil etildi.
Shuningdek, o‘quv dasturi yakunida xodimlar test sinovidan o‘tkazildi hamda test natijalariga ko‘ra ularga tegishli sertifikatlar topshirildi.
Ikki kunlik qizgʻin muhokamalar va amaliy mashgʻulotlardan soʻng, trening ishtirokchilari bank monitoring tizimini yanada takomillashtirish va risklarni minimallashtirish boʻyicha yangi koʻnikmalarga ega boʻlgan holda oʻz ish joylariga qaytishdi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.