Rahbar xodimlar uchun xalqaro standartlar boʻyicha navbatdagi seminar boshlandi
“Biznesni rivojlantirish banki” rahbar xodimlari uchun ISO 37001:2025 xalqaro standarti boʻyicha maxsus oʻquv seminari boshlandi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida ochiqlik, shaffoflik va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish muhitini mustahkamlash maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bankning yuqori va oʻrta boʻgʻin rahbar xodimlari uchun ISO 37001:2025 (Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari) xalqaro standarti boʻyicha navbatdagi maxsus oʻquv mashgʻulotlariga start berildi.
Mazkur malaka oshirish kurslarida bank Boshqaruvi raisi oʻrinbosarlari hamda tarkibiy tuzilmalarning bosh direktorlari ishtirok etmoqda.
Oʻquv seminarining asosiy maqsadi — bank tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, xalqaro nazorat (komplayens) mexanizmlarini samarali joriy etish va boshqaruv tizimining halollik tamoyillariga mosligini taʼminlashdan iborat.
Maʼlumot uchun: ISO 37001:2025 — korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari boʻyicha eng ilgʻor xalqaro standart boʻlib, tashkilotlarda shaffoflikni taʼminlash, firibgarlik holatlarini barvaqt aniqlash va sogʻlom ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qiluvchi jahon tan olgan vosita hisoblanadi.
Ushbu strategik ahamiyatga ega loyiha doirasida “Biznesni rivojlantirish banki”ning jami 48 nafar yuqori lavozimli rahbar xodimlari xalqaro standartlar asosida oʻz malakalarini oshirishlari koʻzda tutilgan.
Mashgʻulotlar davomida ishtirokchilar xavf-xatarlarni baholash, ichki nazorat tizimlarini shakllantirish va ISO standartlari talablarini bankning kundalik operatsion jarayonlariga singdirish boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻladilar.
Bu kabi tadbirlar bankning xalqaro moliyaviy institutlar va mijozlar oldidagi ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bank Axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.