Moody’s xalqaro reyting agentligi bank reytingi istiqbolini “Ijobiy”ga oshirdi
Joriy yilning fevral oyida Moody’s Ratings xalqaro reyting agentligi “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning milliy va xorijiy valyutadagi uzoq muddatli depozit reytinglarini “B1” darajasida tasdiqladi hamda ushbu reytinglar bo‘yicha istiqbolni “Barqaror”dan “Ijobiy”ga o‘zgartirdi.
Moody’s tahlilchilarining fikriga ko‘ra, reyting istiqbolining “Ijobiy” darajaga ko‘tarilishi bankning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha natijalari, xususan, aktivlar sifati va rentabelligidagi ijobiy o‘zgarishlar barqaror tus olishiga bo‘lgan ishonchni ifodalaydi. 2025-yilda bank aktivlar sifatini sezilarli darajada yaxshilashga erishdi va bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlardagi ijobiy o‘zgarishlar:
- Aktivlar sifatining yaxshilanishi: Bank kredit portfelini sog‘lomlashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida muammoli kreditlar ulushi 2024-yil yakunidagi 23,3 foizdan 2025-yilning birinchi yarmiga kelib 9,9 foizgacha qisqardi.
- Daromadlilikning tiklanishi: 2022–2024-yillardagi zararlar davridan so‘ng, bank barqaror daromadlilik yo‘liga qaytmoqda. 2025-yilning birinchi yarmida bank 193 milliard so‘m sof foyda oldi.
- Kapitalning mustahkamlanishi: Bankning kapital yetarliligi ko‘rsatkichi 2023-yil yakunidagi 4,0 foizdan va 2024-yil yakunidagi 8,7 foizdan o‘sib, 2025-yil o‘rtalariga kelib 10,0 foizga yetdi.
Moody’s xalqaro reyting agentligi bankning likvidlik va moliyalashtirish holatini keyingi 12–18 oy davomida barqaror bo‘lishini kutmoqda. Bu hukumat va xalqaro moliya institutlari tomonidan taqdim etilgan uzoq muddatli moliyalashtirish manbalariga asoslanadi. 2025-yil o‘rtalariga kelib, bankning asosiy bank likvidligi jami aktivlarning 13,5 foizini tashkil etdi (2024-yil oxirida bu ko‘rsatkich 7,8 foiz edi).
“Ijobiy” istiqbol Moody’s agentligining aktivlar sifati va rentabellikdagi so‘nggi yaxshilanishlar keyingi 12–18 oy davomida barqaror saqlanib qolishiga ishonchini bildiradi.
Bank o‘z navbatida kelgusida ham moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, aktivlar sifatini yaxshilash va boshqaruv samaradorligini oshirish orqali reytingini yanada yaxshilash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.