Moodyʻs agentligi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB reytinglarini “barqaror” prognoz bilan tasdiqladi
2025-yil 17-iyun, London / Toshkent — “Moodyʻs Ratings” xalqaro reyting agentligi “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat bankining uzoq muddatli depozit reytinglarini B1 darajasida tasdiqladi, shuningdek, prognozni “salbiy”dan “barqaror”ga oʻzgartirdi.
Ushbu qaror Moodyʻs agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining suveren reyting prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oʻzgartirilishi natijasida qabul qilingan boʻlib, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va davlat institutlari samaradorligini oshirishga qaratilgan harakatlar umumiy moliyaviy muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini aks ettiradi.
Shuningdek, Moodyʻs reyting agentligi tomonidan, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning uzoq muddatli reytinglari bankning yuqori likvidlik zaxirasi hamda oyirgi yilda kuzatilgan kapitallashuv darajasining sezilarli oshishi reyting prognozining “barqaror” darajasida tasdiqlanishiga taʼsir koʻrsatgani taʼkidlanadi.
Agentlik “Biznesni rivojlantirish banki” ATBni ijtimoiy jihatdan muhim muassasa sifatida baholaydi. Bank Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish, shu jumladan sogʻlom raqobatni qoʻllab-quvvatlash, hududiy rivojlanishni jadallashtirish va yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida tuzilgan strategik institut sifatida faoliyat yuritmoqda.
Agentlik tomonidan reyting prognozining “barqaror” darajaga koʻtarilishi, bankning umumiy moliyaviy holatida muayyan barqarorlik yaralganini va biznes koʻrsatkichlari ustidan nazorat saqlanayotganini bildiradi.
Batafsil maʼlumot uchun rasmiy manba: Moodyʻs rasmiy press-relizi (EN)