Kichik biznes subyektlari uchun davlat xaridlariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi
Biznesni rivojlantirish banki tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish hamda davlat xaridlarida faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida navbatdagi amaliy o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
2026-yil 21-may kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan mazkur tadbir “Kichik biznes subyektlari tomonidan davlat xaridlarida ishtirok etish va daromad topish” mavzusiga bag‘ishlandi. O‘quv mashg‘uloti bankning biznesni rivojlantirish yo‘nalishidagi tashabbuslari doirasida Tenderzone platformasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB mas’ul xodimlari, Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi vakillari, Toshkent viloyatida faoliyat olib borayotgan 100 dan ortiq kichik biznes vakillari ishtirok etishdi.
Bugungi kunda davlat xaridlari tizimi tadbirkorlar uchun yangi bozor va barqaror daromad manbalaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bois seminar davomida ishtirokchilarga tender savdolari tizimi, davlat xaridlarida qatnashish tartibi, elektron platformalarda ishlash, buyurtmachilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda tender hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi. Mutaxassislar tomonidan real misollar asosida tushuntirishlar olib borilgani tadbirkorlarga jarayonlarni amaliy jihatdan yaxshiroq anglash imkonini berdi.
Tadbir dasturiga ko‘ra, asosiy sessiyada Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi mutaxassislari davlat xaridlari tizimi va undagi imkoniyatlar haqida batafsil ma’ruza qildi. Keyingi qismda esa bank vakillari kichik biznes subyektlari uchun mo‘ljallangan bank mahsulotlari, moliyaviy xizmatlar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida taqdimot o‘tkazishdi. Seminar yakunida savol-javoblar orqali ishtirokchi tadbirkorlar o‘zlarnini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan bevosita javoblar olishdi.
Mazkur o‘quv mashg‘uloti orqali bank tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, ularning ehtiyojlarini chuqurroq o‘rganish hamda biznes yuritish jarayonida zamonaviy va samarali yechimlarni taklif etishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, tadbir kichik biznes vakillarining davlat xaridlaridagi ishtirokini rag‘batlantirish, ularning raqobatbardoshligini oshirish va yangi iqtisodiy imkoniyatlarga yo‘l ochishga xizmat qiladi.
Bank bundan buyon ham tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash va ularning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan loyihalarni izchil davom ettiradi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.