Fitch Ratings bankimiz reyting prognozini “Ijobiy” darajaga koʻtardi
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning uzoq muddatli xorijiy va milliy valyutadagi majburiyatlari boʻyicha defolt reytinglarini (IDR) “BB” darajasida tasdiqladi va ular boʻyicha prognoz koʻrsatkichini “Barqaror”dan “Ijobiy” (Positive) darajasiga oʻzgartirdi. Shuningdek, agentlik tomonidan bankning Davlat qoʻllab-quvvatlashi reytingi (GSR) “BB” darajasida, qisqa muddatli defolt reytinglari esa “B” darajasida tasdiqlandi. Bankning uzoq muddatli reytinglari Oʻzbekistonning suveren reytinglari bilan tenglashtirilgan boʻlib, prognozning “Ijobiy” qilib oʻzgartirilishi bevosita suveren reytingdagi ijobiy oʻzgarishlarni ifodalaydi.
Ushbu qaror 2026-yil 3-iyun kuni Fitch Ratings tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining suveren reytingi prognozi “Ijobiy” darajaga oʻzgartirilgani va reyting “BB” darajasida tasdiqlangani ortidan qabul qilindi.
Shuningdek, agentlik tomonidan Biznesni rivojlantirish bankining kichik va oʻrta biznes sektorini davlat tomonidan moliyalashtirish va rivojlantirishda asosiy tayanch bank sifatidagi strategik roli alohida eʼtirof etilgan. Unda bankning strategik davlat egaligida ekanligi, davlat tomonidan kapital qoʻllab-quvvatlanishining mustahkam tarixi va potensial qoʻllab-quvvatlash xarajatlarining pastligi taʼkidlangan.
Shu bilan birga, reyting agentligi hisobotida bankning kapitallashuv darajasi ortganligi, aktivlari sifatidagi yaxshilanish darajasi hamda keyingi yillarda kredit portfelining sektor koʻrsatkichlariga nisbatan yuqoriroq surʼatda oʻsish salohiyati qayd qilingan.
Bank ipoteka kreditlari boʻyicha sektorda mustahkam pozitsiyaga ega (sektor ipoteka portfelining 15% bank hissasiga toʻgʻri keladi). Shu bilan birga, kichik va oʻrta biznes uchun yoʻnaltirilgan kreditlar bank umumiy portfelining 48% ini tashkil qilishi ham agentlik hisobotida qayd etilgan. Bundan tashqari, davlatning bank boshqaruvidagi yuqori ishtiroki inobatga olinib, bankka ESG boʻyicha "4" ballik reyting bahosi berilgan.
Bank reytingi prognozining yaxshilanishi kelgusida xalqaro hamkorlar bilan olib borilayotgan transformatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish hamda xalqaro kapital bozoriga faol integratsiyalashuvini taʼminlaydi, shuningdek, mamlakatning biznes vakillari uchun qulay shartlarda yuqori sifatli moliyaviy xizmatlarni taqdim etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Barcha yangiliklar
“Korporativ” bank xizmatlari ofisi ochildi
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.