BRBda sun’iy intellekt – raqamli transformatsiyaning yangi sahifasi
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “Raqamli transformatsiyaning yangi sahifasi – sun’iy intellektni joriy qilish” mavzusida brifing o‘tkazildi.
Unda bankning Ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha bosh direktori (Chief Data Officer) – Axborot texnologiyalari departamenti direktori Ziyovuddin Orifxo‘jayev amalga oshirilgan keng ko‘lamli raqamli transformatsiya va bu jarayonga sun’iy intellektni joriy qilish haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’lumki, zamonaviy banklarda eng qimmatli resurs — bu vaqt va aniq ma’lumot hisoblanadi. Shu paytgacha hisobotlarni tayyorlash yig‘ish, ma’lumotlarni qayta ishlash ko‘p vaqt va inson resursini talab qilar edi.
“Biznesni rivojlantirish banki” mijozlarga tezkor, qulay va zamonaviy xizmat ko‘rsatish, xizmat jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish maqsadida ichki resurslari hisobidan sunʼiy intellektga asoslangan 20 dan ortiq loyihalar ishlab chiqilmoqda, ularning 5 tasi esa amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etildi. Quyida ushbu innovatsion loyihalarning mohiyati va erishilgan natijalar haqida so‘z yuritamiz.
Birinchi loyiha — “Biznes-rejalarni generatsiya qilish bo‘yicha AI yordamchi”.
Maʼlumki, yuridik shaxslarni kreditlash jarayonida puxta ishlab chiqilgan biznes-reja talab etiladi. Endilikda bu murakkab va ko‘p vaqt oladigan vazifa sunʼiy intellekt zimmasiga yuklandi. Tadbirkor o‘z loyihasi va moliyaviy ko‘rsatkichlari yuzasidan zarur maʼlumotlarni tizimga kiritishi kifoya — qolgan barcha ishni aqlli tizimning o‘zi bajaradi.
“Biznes-rejalarni generatsiya qilish bo‘yicha AI yordamchi” ishga tushirilganidan buyon ijobiy natijalarga erishildi, xususan:
— ilgari 2–3 kun davom etgan biznes-reja tayyorlash jarayoni endilikda atigi 5 daqiqani tashkil etadi;
— bugungi kunga qadar 30 nafar yuridik shaxsga 2.4 milliard so‘mlik kredit mablagʼlari ajratildi;
— kreditlashning dastlabki tekshirish bosqichiga sarflanadigan vaqt 70 foizga tejalmoqda;
— eng muhimi — tadbirkorlarimiz maxsus moliyaviy savodxonlikka ega bo‘lmagan taqdirda ham ushbu xizmatdan mutlaqo bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ushbu loyiha 2025-yil 21-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida “Hudud va tarmoqlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish”ga bag‘ishlangan yig‘ilishda taqdim etildi va yuksak bahoga sazovor bo‘ldi. Yigʼilish yakunlari b o‘yicha loyihani nafaqat bizning bankimizda, balki poytaxtimizdagi barcha tijorat banklarida bir yil davomida sinov tariqasida joriy etish vazifasi belgilandi. Аyni vaqtda bu yo‘nalishda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ikkinchi loyiha — “Аvatarli virtual yordamchi”.
Mijozlarga zamonaviy va innovatsion xizmat ko‘rsatish sifatini yangi pogʼonaga ko‘tarish maqsadida bank ofislarimizda avatarli virtual yordamchi ish boshladi. Ovozni matnga, matnni ovozga aylantiruvchi zamonaviy texnologiya asosida ishlovchi bu yordamchi mijozlar bilan xuddi insondek jonli muloqot yuritadi, savollarga real vaqt rejimida javob beradi, bank xizmatlari haqida batafsil maʼlumot taqdim etadi va hatto to‘lovlarni amalga oshirish imkonini yaratadi.
Virtual yordamchi kommunal va bir martalik to‘lovlarni bajarish, bank mahsulotlari bo‘yicha o‘zbek tili bilan bir qatorda rus va ingliz tillarida ham to‘liq maʼlumot olish imkonini bermoqda.
Аyni paytda tizim kredit qarzdorliklarini so‘ndirish hamda rekvizitlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish kabi yangi imkoniyatlar bilan takomillashtirilmoqda. Shuningdek, virtual yordamchini mamlakatimizning barcha hududlaridagi bankomat shahobchalarida kunu tun xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda.
Bank imidjiga uygʼun zamonaviy dizayndagi avatarli virtual yordamchi 2026 yil 1 iyun kuni bankimizning Toshkent shahar Bank xizmatlari ofisida ishga tushirildi va qisqa muddat ichida 1.2 mln. so‘m miqdoridagi 45ta bank amaliyoti muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.
Uchinchi loyiha — “BRB-GPT” sunʼiy intellekt chatboti.
Bank mahsulotlari bo‘yicha mijozlarga kechayu kunduz, to‘xtovsiz ravishda avtomatik maʼlumot beruvchi “BRB-GPT” chatboti ishlab chiqildi va to‘liq ishga tushirildi. Ushbu aqlli yordamchi yuridik va jismoniy shaxslarga bank taklif etayotgan barcha mahsulot va xizmatlar — kreditlar, omonatlar, kassa to‘lovlari, valyuta kurslari hamda bank ofislari manzillari bo‘yicha malakali maslahat beradi.
Chatbotning o‘ziga xos jihati shundaki, u suhbatning avvalgi qismini eslab qoladi, kontekstdan kelib chiqqan holda javob beradi, savol noaniq berilgan taqdirda esa aniqlashtiruvchi savol berib, inson kabi muloqot qiladi.
Bu tizim bir qator dolzarb muammolarning yechimini topdi, jumladan:
— Аloqa markaziga tushadigan ko‘p sonli takroriy standart murojaatlarga endi chatbot mustaqil javob berib, bu yukni sezilarli darajada yengillashtirmoqda;
— ilgari mijozlar ish vaqtidan tashqari tezkor va ishonchli maʼlumot olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bo‘lsa — endi chatbot veb-sayt, “Telegram” va mobil ilova orqali doimiy ravishda ishlab keladi;
— maʼlumotlar turli manbalarda joylashgan bo‘lib, mijozlar uchun yagona axborot nuqtasi mavjud emas edi — endi barcha mahsulot va xizmatlar bo‘yicha yagona, markazlashtirilgan va ishonchli axborot manbai shakllantirildi;
— chatbot o‘zbek, rus hamda ingliz tillarida ham matnli, ham ovozli murojaatlarni bemalol qabul qiladi.
Natijada, bugungi kunga qadar chatbot orqali 20 427 nafar foydalanuvchining 91 698 ta savoliga muvaffaqiyatli javob berildi.
Bundan tashqari, bankda bir qator boshqa sunʼiy intellekt loyihalari ham bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilmoqda.
Jumladan, RPA (Robotic Process Automation) texnologiyalari asosida bir qator ichki biznes jarayonlari avtomatlashtirilmoqda. Bu orqali takrorlanuvchi operatsiyalar robotlar tomonidan bajarilib, inson omili taʼsiri kamaytirilmoqda, xizmat ko‘rsatish tezligi va ish samaradorligi esa sezilarli darajada oshirilmoqda.
Shuningdek, TTS-STT texnologiyasi asosida ovozli xizmatlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu yechim mijozlarning ovozli murojaatlarini matnga aylantirish, tizim javoblarini esa tabiiy ovozda taqdim etish orqali bank xizmatlaridan yanada qulay va tezkor foydalanish imkoniyatini yaratmoqda.
Yana bir muhim yo‘nalish — “Videoanalitika” loyihasi bo‘lib, u bank ofislarida mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qiladi. Mazkur tizim xizmat sifati, mijozlar oqimi, navbatlar hamda xizmat ko‘rsatish intizomini baholash orqali xodimlarni to‘gʼri taqsimlash va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, bugun taqdim etilyotgan raqamlar va innovatsion loyihalar — shunchaki texnik hisobotlar emas. Bu — “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning kelajak moliya texnologiyalari sari tashlagan eng dadil va strategik qadamlaridan biri hisoblanadi.
Bank qo‘l mehnatini keskin kamaytirib, jarayonlarni robotlashtirish, tizimni sun’iy intellekt elementlari bilan boyitish va ma’lumotlar xavfsizligini mutloq nazoratga olish orqali yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Maqsad — bankni har qanday vaziyatda tezkor, shaffof, ma’lumotlarga tayanib eng to‘g‘ri qaror qabul qiladigan va regulyator talablariga mukammal darajada javob beradigan raqamli moliya institutiga aylantirishdir.
To'g'ri ma'lumot, to'g'ri vaqtda yetkazilsa, to'g'ri qarorga olib keladi — bu esa bank daromadining o'sishini ta'minlaydigan omil hisoblanadi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli boshlandi
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.