BRB sugʻurta raqamli platformasi taqdimoti oʻtkazildi
2026-yil 6-fevral kuni poytaxtimizdagi “Hyat Regency” mehmonxonasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “BRB sugʻurta” raqamli platformasini ishga tushirish munosabati bilan taqdimot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda bank boshqaruvi aʼzolari va masʼul xodimlar, yurtimizdagi yetakchi sugʻurta kompaniyalari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Kirish qismida yurtimiz sugʻurta bozorining jadal rivojlanib borishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-mart kuni qabul qilingan “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, ishtirokchilarga platformaning imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, “BRB sugʻurta” raqamli platformasi ushbu Qaror ijrosi doirasida bankning Agile jamoalari tomonidan ishlab chiqqan.
Platforma kredit berish va sugʻurtalash jarayonlarini raqamlashtirish, ortiqcha jarayonlarni qisqartirish hamda mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi.
“BRB sugʻurta” raqamli platformasi mijozlarning onlayn xizmatlar va ortiqcha qogʻozbozliksiz vaqt ichida taqdim etilayotgan xizmatlarga boʻlgan ehtiyoj va talablarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, u avtomatlashgan tarzda E-polis rasmiylashtirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, mazkur raqamli platforma orqali koʻchmas mulk va uskunalar, transport va maxsus texnika, shuningdek, avtokreditlar onlayn sugʻurtalanadi. Sugʻurta mukofotlarini toʻlash esa kassa orqali, hisobvaraqdan oʻtkazish yoki QR-kod yordamida amalga oshirilishi mumkin.
“BRB sugʻurta” raqamli platformasi ishga tushirilganidan buyon qisqa muddat ichida amaliy natijalarga erishildi. 2026-yilga moʻljallangan rejalarga koʻra, 15,1 trln soʻmlik kreditlar ajratish koʻzda tutilgan boʻlib, ushbu kreditlarda sugʻurta bilan bogʻliq amaliyotlarni amalga oshirishda mazkur platforma bank va sugʻurta sohalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar tomonidan ushbu raqamli platforma sugʻurta sohasida yangi bosqichni boshlab berishi, sugʻurta kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlashi va bank-moliya bozorining barqaror hamda zamonaviy rivojlanishiga xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.