BRB Korporativ universiteti loyihasi taqdimot qilindi
Toshkent shahridagi “Interkontinental Tashkent” mehmonxonasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan mamlakatimizda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy boshqaruv koʻnikmalarini ommalashtirish hamda tadbirkorlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus – BRB Korporativ universiteti loyihasining tantanali taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Mazkur strategik loyiha biznes-taʼlim sohasida jahonning yetakchilaridan biri – SKOLKOVO Moskva boshqaruv maktabi bilan hamkorlikda, milliy xususiyatlar va hududlardagi real biznes vazifalaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston milliy rivojlanish instituti sifatida barpo etilmoqda.
Bugungi kunda kichik va oʻrta biznes Oʻzbekiston iqtisodiyotining haqiqiy lokomotivi hisoblanadi. Ushbu soha mamlakat YIMning 54,3 foizini shakllantirib, unda 10,5 milliondan ortiq yurtdoshimiz mehnat qilmoqda. Shuningdek, har yili mehnat bozoriga 600 mingga yaqin shijoatli yoshlar kirib kelmoqda.
Zamon talabi oʻzgarishi bilan tadbirkorlarga faqatgina moliyaviy resurs yoki kredit emas, balki toʻgʻri boshqaruv qarorlari, bozor konyunkturasini chuqur anglash va raqamli koʻnikmalar suv bilan havodek zarurdir. Korporativ universitet ana shu ehtiyojlarni qoplash va Oʻzbekistonning barqaror iqtisodiy kelajagini taʼminlash maqsadida tashkil etiladi.
Universitet bir vaqtning oʻzida ham ichki (bank xodimlari), ham tashqi (mijozlar va tadbirkorlar) auditoriya bilan birday ishlaydigan yagona rivojlanish muhitini yaratadi.
Universitet faoliyatining hozirda rejalashtirilayotgan ustuvor yoʻnalishlari:
· Zamonaviy texnologiyalar: Raqamli transformatsiya, sunʼiy intellektni joriy etish hamda zamonaviy boshqaruv yondashuvlari (Lean, Kaizen, Agile).
· Biznesni qoʻllab-quvvatlash: Kichik va oʻrta biznes vakillarini oʻqitish, biznesni masshtablashtirish, marketing, eksport va e-commerce yoʻnalishlari.
· Startaplar va Innovatsiyalar: BRB Startup Hub orqali istiqbolli biznes gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash.
· Ijtimoiy masʼuliyat: Xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish.
· Bank transformatsiyasi: Bank xodimlarida tadbirkorlik tafakkuri, raqamli savodxonlik va mijozlar bilan ishlash kompetensiyalarini rivojlantirish.
Bilimlarni yuqori darajada yetkazish uchun Bankning kuchli mutaxassislari va rahbarlaridan iborat Ichki ekspertlar (mentor va ustozlar) bazasi shakllantiriladi.
Bank Axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.