BRB hududlarda “Mini texnologiyalar yarmarkalari” oʻtkazdi
Aholi bandligi va kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar: BRB hududlarda “Mini texnologiyalar yarmarkalari” oʻtkazdi
Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash hamda kam daromadli oilalarga oʻz daromad manbaini yaratishda koʻmaklashish maqsadida 2026-yil 10-sentabr kuni Jizzax shahri, Konimex va Jondor tumanlarida “Mini texnologiyalar yarmarkasi” tashkil etildi.
Ushbu tadbirlar “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari, mahalliy hokimliklar hamda hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan oʻtkazildi.
Yarmarkalar doirasida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalariga moʻljallangan, uy sharoitida hamda kichik sexlarda ishlatishga qulay boʻlgan 70 dan 90 turgacha zamonaviy va ixcham alohida asbob-uskunalar namoyish etildi.
Tadbirlarda 1 200 nafardan ortiq fuqarolar, yoshlar va tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan shaxslar ishtirok etdi. Qatnashchilar mini uskunalarning ishlash jarayoni, quvvati, xarajati hamda kutilayotgan daromad imkoniyatlari bilan bevosita tanishishdi. Shunningdek, hokim yordamchilari va “mahalla bankirlari” ishtirokida aholiga imtiyozli kredit va lizing shartlari asosida uskunalarni xarid qilish boʻyicha zarur maslahat va tushuntirishlar berildi.

Amaliy tadbirlar natijasida birgina shu kunning oʻzida Konimexda 15 nafar, Jizzaxda 21 nafar hamda Jondorda 12 nafar fuqaro va tadbirkorlar tomonidan yangi biznes loyihalarini boshlash va uskunalarni xarid qilish boʻyicha dastlabki shartnomalar rasmiylashtirildi.
Tashkilotchilar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni koʻrib chiqish, fuqarolarni daromadli faoliyatga yoʻnaltirish hamda lizing va kredit orqali moliyalashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.