Biznesni rivojlantirish banki “Biznes 24/7” onlayn banking platformasini Dibank xizmatiga uladi
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB korporativ mijozlar uchun mo'ljallangan “BRB Biznes 24/7” platformasini Dibank xizmati bilan integratsiya qildi. Endi bank mijozlari hisobvaraqlari bo'yicha asosiy operatsiyalarni internet-bankka o'tmasdan, bevosita o'z hisob tizimidan — “1С” yoki Didox dasturidan — amalga oshirishlari mumkin.
Ilgari buxgalter ikki dasturda ishlashiga to'g'ri kelardi: to'lov topshiriqnomasi hisob tizimida shakllantirilar, so'ngra qo'lda internet-bankka ko'chirilar, hisobvaraq ko'chirmasi esa qaytadan hisob dasturiga yuklanardi. Dibank ulangandan keyin bu jarayonning barchasi bitta oynada kechadi.
Hisob tizimining o'zidan turib bank mijozlari:
— to'lov topshiriqnomalari va ish haqi ro'yxatlarini yuborishi;
— hisobvaraq ko'chirmalari va joriy qoldiqlarni olishi;
— to'lovlar holatini kuzatib borishi;
— tushum va chiqimlarni buxgalteriya hisobida avtomatik aks ettirishi;
— hujjatlarni bankning elektron raqamli imzo (ERI) kaliti bilan imzolashi mumkin.
To'lov hujjatlari ma'lumotlarni qayta kiritishga hojat qoldirmasdan bankka yuboriladi, ko'chirmalar esa hisob tizimiga avtomatik yuklanadi. Bu to'lov hujjatini shakllantirishdan tortib operatsiyani buxgalteriya hisobida aks ettirishgacha bo'lgan uzluksiz jarayonni ta'minlaydi.
Yechim, eng avvalo, o'rta va yirik biznesga mo'ljallangan. Kunlik to'lovlari ko'p va bir nechta hisob raqamiga ega kompaniyalar uchun bu buxgalteriyaga tushadigan yukning kamayishi, hisob ma'lumotlarining aniqroq bo'lishi va mablag'lar harakati ustidan tezkor nazorat degani.
Xizmatni ulash bo'yicha batafsil ma'lumotni bank filiallaridan yoki bank veb-saytidan olish mumkin.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.