Bektemirda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarni oshirish bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash hamda yurtimizda obod va fayzli muhitni yanada mustahkamlash maqsadida e’lon qilingan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” hamda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davom etmoqda.
Poytaxtimizning Bektemir tumanida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari B.Sharipov ishtirokida yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Markaziy bank Toshkent shahar bosh boshqarmasi, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamda tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda bank mijozlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, zamonaviy xizmatlar orqali daromad topish imkoniyatlari, bank mahsulotlari va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari taqdim etildi.
Tadbirda Bektemir tumanidagi 18 ta mahallaning mahalla yettiligi, mahalliy aholi vakillari, tadbirkorlar, “Biznesni rivojlantirish banki” va Markaziy bank vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Muloqotning asosiy maqsadi — aholi bandligini ta’minlashda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, bank mijozlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini fuqarolarga taklif etish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha amaliy yechimlarni muhokama qilish.
Uchrashuv davomida aholi uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va ulardan foydalanish imkoniyatlari taqdim etildi. Jumladan, “URBAN TRACK” MChJ tomonidan yetkazib berish xizmati, “NEXT RIDE” MChJ tomonidan zamonaviy elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmati hamda “BRB-TECH” tomonidan “Mening biznesim” platformasi orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, bank mahsulotlari va xizmatlaridan foydalanish, mahallabay ishlash mexanizmlarini yanada samarali tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholini daromadli mehnatga jalb qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Ochiq muloqot yakunida ishtirokchilarning savol va takliflari tinglanib, aholi bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi.
“Biznesni rivojlantirish banki” aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hududlarda yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga qaratilgan amaliy muloqotlarni izchil davom ettirmoqda.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.