Bankimiz yoshlari “Yosh iqtisodchilar oromgohi”da
Bugun, 16-iyul kuni Boʻstonliq tumanidagi soʻlim “Yoshlar oromgohi”da mamlakatimizning eng faol va izlanuvchan yoshlari hamda moliya sektori vakillarini birlashtirgan “Yosh iqtisodchilar oromgohi” loyihasiga start berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yirik loyihada “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning yosh mutaxassislari va masʼul xodimlari faol ishtirok etmoqda.
Mazkur ikki kunlik (16-17-iyul) loyihaning bosh maqsadi — yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, ularni bank-moliya tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish hamda istiqbolli startap va biznes gʻoyalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir.
Loyiha doirasida “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan maxsus zamonaviy brend konuslari, koʻrgazmali stendlar va bank ramzlari oʻrnatilib, tadbir ishtirokchilari uchun keng qamrovli taqdimotlar tashkil etilmoqda. Bankning malakali yosh xodimlari va masʼullari oromgoh aʼzolariga zamon talabiga mos moliyaviy mahsulotlar, yosh tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, biznesni boshlash va yuritish boʻyicha foydali maslahatlarni ulashib bormoqdalar.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilarga bankning yangi xizmat turlari aks etgan qiziqarli tarqatma materiallar (buklet va flayerlar) taqdim etilmoqda.
“Biznesni rivojlantirish banki” yoshlarning biznes tashabbuslarini real loyihalarga aylantirish va ularning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish yoʻlida bu kabi samarali platformalarni faol qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.
Bank ATB Axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.