Bank Boshqaruvi raisining korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha murojaati
ATB “Biznesni rivojlantirish banki” Boshqaruvi raisi v.b. Saxi Annaklichevning korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha MUROJAATI
“Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning,
demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir”
Sh. MIRZIYOYEV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Hurmatli yurtdoshlar!
Korrupsiya bu – davlat va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘diradigan, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradigan, adolat va qonuniylik tamoyillariga sezilarli darajada zarar yetkazadigan salbiy illatdir.
Shu boisdan korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat va jamiyat, balki har bir fuqaroning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Xabaringiz bor, so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, ushbu yo‘nalishda mustahkam huquqiy baza shakllantirilmoqda. So‘nggi bir yil davomida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan bir necha qonun va normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bunga misol bo‘la oladi. Mazkur Qonun korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga va jazo choralarini kuchaytirishga, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, korrupsiyaga qarshi kurashish orqali fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiladi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida ham jamoatchilik nazoratini samarali va ta’sirchan tarzda amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan tizim shakllantirildi. Bank tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va xodimlarning kasbiy masʼuliyatini yuksaltirish muhim vazifa qilib qo‘yilgan.
Joriy yilning iyun-iyul oylarida ISO 37001:2025 – “Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari – Foydalanish uchun talablar va tavsiyalar” xalqaro standart talablari asosida bankning qarorlar qabul qiluvchi rahbarlari va komplayens xodimlari uchun trening tashkil qilindi.
Trening ishtirokchilari bank faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, xodimlarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish hamda xalqaro ilg‘or tajribalarni kundalik bank amaliyotiga joriy etish bo‘yicha bilim va malakalarini oshirdilar. Qatnashchilar tegishli xalqaro muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lishdi.
Bankimizning korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha eng asosiy vazifalaridan biri bu – mijozlarga xizmat ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish va raqamlashtirishga qaratilgan ishlar hisoblanadi.
Fursatdan foydalanib yurtdoshlarimiz va bank mijozlaridan “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida qonunchilikka zid xatti-harakatlar, huquqbuzarlik holatlari yoki korrupsiyaga guvoh bo‘lsangiz, bankning maxsus aloqa kanallari orqali o‘z murojaatingizni yo‘llashingizni so‘rayman. Har bir murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi hamda tasdiqlangan korrupsion holatlar bo‘yicha keskin qonuniy choralar ko‘riladi. Murojaatingiz maxfiyligi kafolatlanadi!
So‘zim yakunida bank tizimida faoliyat olib borayotgan barcha rahbar va xodimlarni yana bir bor korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga, xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarishga chaqiraman!
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.