Universitet talabalari bilan ochiq muloqot
2026-yil 12-mart kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tashabbusi bilan “Rahbar va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda universitet rahbariyati, bank masʼul xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori B.Jollibekov bu kabi uchrashuvlar yoshlarning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Shundan soʻng “Biznesni rivojlantirish banki” ATB departament direktori Akmal Polvonov soʻzga chiqib, bank tizimi orqali yosh tadbirkorlarni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida yoshlarning tashabbus va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda iqtisodiy faolligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan muhim tashabbuslar ilgari surilgan edi.
Uchrashuvda berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda bank tizimiga ham tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-312-son qarorga asosan 2025-yilda bank tomonidan yosh tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirishga 169,4 mlrd soʻm kredit ajratildi. Bu oʻtgan yili berilgan jami kredit miqdorining (820,9 mlrd soʻm) 21 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, PQ-385 qarorga asosan 2025-yil davomida 192,4 mlrd soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan boʻlsa, uning 42 foizi — 80,7 mlrd soʻmi yosh tadbirkorlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi.
Bundan tashqari, 2025-yil 4-avgust kuni Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hamda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB oʻrtasida moliyaviy resurs taqdim etish toʻgʻrisida Bosh kelishuv imzolangan.
Shunga muvofiq, bank tomonidan “Yosh tadbirkor (PQ-60)” kredit mahsuloti ishlab chiqilgan.
Joriy yilning 5-mart holatiga bank tomonidan 208 nafar yosh tadbirkorga jami 24 mlrd soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi. Mazkur loyihalar doirasida 321 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Uchrashuv davomida bank va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Taʼkidlanganidek, bank tizimida talabalar uchun amaliyot va stajirovka dasturlari tashkil etilgan boʻlib, bu orqali yoshlar bank sohasidagi amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishish, kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Tadbirda Yaponiyaning Yamagata universiteti huzuridagi Tadbirkorlik taʼlimi va tadqiqot markazi kommunikatsiyalar boʻyicha maslahatchisi, Yapon biznes koʻnikmalarini rivojlantirish milliy taʼlim markazi direktori Tomixiko Sato tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha xalqaro tajribalar haqida taqdimot qildi.
Uchrashuv yakunida yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar muhokama qilinib, ularni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bank axborot xizmati
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.