Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Yevropaga yoʻl olmoqda
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi Farmon va qarori ijrosi doirasida tomorqa va dehqon xoʻjaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanish, mahallalarda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida amaliy chora-tadbirlarni olib bormoqda.
Xususan, joriy yilning 30-aprel kuni “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Fransiyaning SAS Descours kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Bank va “Oʻzagrostar xolding” kompaniyasi memorandumda belgilangan vazifalarni izchil hayotga tatbiq etishga kirishgan.
Kuni kecha shu yoʻnalishdagi ishlarni tashkil qilish boʻyicha ikki tomon vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda “Yangiyoʻl-agrostar” MCHJ va Fransiyaning SAS Descours kompaniyasi bilan hamkorlikda pomidor, bulgʻor qalampiri, koʻkatlar va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qabul qilish, saralash, saqlash, shok usulda muzlatish, qadoqlash qayta ishlash, shuningdek, mahsulotlarni tashish va Yevropa mamlakatlariga eksport qilishni nazarda tutuvchi Agrokompleks majmuasini barpo etish boʻyicha navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Maʼlumot uchun, memorandum doirasida logistika va moliyalashtirishda koʻmak berish, sifat standartlari boʻyicha oʻquv seminarlari tashkil etish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari uchun texnik yordam koʻrsatish, va investitsiya loyihalari boʻyicha sheriklikni yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.
Mazkur kelishuv orqali Oʻzbekistonda yetishtiriladigan muzlatilgan va qayta ishlangan meva-sabzavotlarni xalqaro bozorlarga, xususan, Yevropa davlatlariga eksport qilishga keng yoʻl ochiladi.
Bank axborot xizmati
Barcha yangiliklar
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.