Markaziy bank: 2025-yil IV chorak pul bozori va likvidlik sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2025-yil IV choragidagi pul bozori va likvidlik sharhini e'lon qildi. Unda qayd etilishicha, 2025-yil IV chorakda bank tizimi umumiy likvidlik holati o‘rtacha 32 trln soʻmni tashkil etib, III chorakka (o‘rtacha 21,3 trln soʻm) nisbatan 49 foizga balandroq shakllandi. Likvidlik profitsiti oktyabrda o‘rtacha 25 trln soʻmdan noyabrda 28,7 trln soʻmgacha oshib, dekabrda o‘rtacha 41,7 trln soʻmni tashkil etdi.
2025-yil 1-oktabrdan majburiy zaxiralash bazasi qamrovi 10 foizdan 15 foizga oshirilishi taʼsirini yumshatish uchun chet el valyutasidagi majburiyatlar bo‘yicha rezerv normasi 10,5 foizdan 9,5 foizgacha pasaytirildi. Natijada, IV chorak davomida bank tizimining umumiy o‘rtachalash talabi III chorakka nisbatan o‘rtacha 0,5 trln soʻmga oshib, 16,6 trln soʻmni tashkil etdi.
Chorak davomida banklarning vakillik hisobvaragʻida o‘rtacha 2 trln soʻmlik qo‘shimcha likvidlik shakllanib, to‘lovlar uzluksizligini taʼminlashga xizmat qildi. Mavsumiy omillar hisobiga muomaladagi naqd pullarga bo‘lgan talabning oshishi esa IV chorakda bank tizimi likvidligining 3 trln soʻmga qisqarishiga xizmat qilgan.
2025-yil IV choragida banklararo pul bozorida jami 183,6 trln soʻmlik operatsiyalar amalga oshirildi. Taʼkidlash joizki, pul bozori amaliyotlarining choraklik YIMga nisbati IV chorakda 33,6 foizni tashkil etdi.
Banklararo pul bozori amaliyotlarining 70 foizi REPO operatsiyalariga to‘g‘ri kelib, uning hajmi 129 trln soʻmni tashkil etdi. Banklararo depozit operatsiyalari hajmi esa 54,3 trln soʻmga teng bo‘ldi. 2025-yil IV chorakda banklararo pul bozorida overnayt operatsiyalar ulushi 86 foizni tashkil qildi. Muddati 2–7 kunlik operatsiyalarning 54,4 foizi oktyabr oyiga toʻgʻri kelgani majburiy zaxira talablari o‘zgarishi sababli muddatli likvidlikka ehtiyoj oshgani bilan izohlanadi. Chorak davomida banklararo pul bozoridagi faollik avvalgi chorakka nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, operatsiyalar ko‘lami hamda bozor ishtirokchilari soni bank tizimida likvidlikni qayta taqsimlash mexanizmlarining rivojlanayotganini va likvidlikni boshqarish samaradorligining ortib borayotganini ko‘rsatadi. Pul bozorining konsentratsiyalashuvini ifodalovchi Herfindahl–Hirshman indeksi bo‘yicha 2025-yil dekabr oyida likvidlikni jalb etish hamda likvidlikni taqdim etish segmentida konsentratsiya darajasining oshishi yuqori likvidlik profitsiti sharoitida ayrim yirik ishtirokchilar ulushining ortishi hamda likvidlikni jalb etish va taqdim etish operatsiyalarining nisbatan cheklangan doiradagi banklar hissasiga toʻgʻri kelishi bilan izohlanadi.
2026-yilning I choragida byudjet amaliyotlarining mavsumiy kamayishi, bank tizimida xorijiy valyutaga nisbatan talabning jadal oshishi, shuningdek, naqd pullarga bo‘lgan talabning pasayishi likvidlik profitsitini nisbatan kamaytiruvchi omillardan bo‘lishi kutilmoqda.
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.