Chakana xizmatlar sarhisob qilindi
2025-yil 19-dekabr kuni Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “Aholiga taqdim etilayotgan chakana xizmatlar: sarhisob va rejalar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda bank Boshqaruvi rahbariyati, mijozlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman ochilishida taʼkidlandiki, yurtimizning milliy bank tizimi soʻnggi yillarda aholi uchun qulay va ishonchli sohalardan biriga aylanib bormoqda. Buni joriy yilning 15-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishuvi davomida qayd etilgan natijalar ham tasdiqlab turibdi. Jumladan, bank sohasidagi islohotlar doirasida soʻnggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar oʻsib, 877 trillion soʻmdan oshdi. Faoliyat olib borayotgan banklar soni 35 taga yetdi va 2017-yildan beri Oʻzbekistonda 3 ta xorijiy bank faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻz navbatida, aholiga taklif etilayotgan zamonaviy xizmatlar jozibadorligi oshib, sogʻlom raqobat muhiti yuzaga keldi. Bu esa, mijozlarda tanlash imkoniyatini oshirayotgani bilan ahamiyatlidir.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB ham ushbu tendensiyalar va zamonaviy talablarga tezda moslashish, keskin raqobat muhitida mijozlarga yanada koʻproq qulaylik yaratish orqali ishonchlarini mustahkamlashga muntazam eʼtibor qaratmoqda.
Ayni yoʻnalishda amalga oshirilayotgan choralar va ularning natijalari xususida bankning Chakana biznes departamenti direktori Umid Alimov taqdimot qildi.
Qayd etildiki, bankni 2024-2026-yillarga moʻljallangan rivojlantirish strategiyasidagi uch asosiy element: mijoz, mahsulot va kanallar boʻlib, bugungi taqdimot aynan mahsulotlar yoʻnalishini qamrab oladi.
Bugungi kunda yurtimiz boʻylab Biznesni rivojlantirish bankining 1 ta ipoteka markazi, shuningdek 60 ta bank xizmatlari ofisi hamda bank xizmatlari markazlari mavjud boʻlib, mijozlar uchun 539 ta bankomat xizmat koʻrsatmoqda.
Birgina 2025-yilning oʻzida 24 ta yangi xizmatlar joriy qilish hisobiga Chakana biznes yoʻnalishidagi mahsulotlar soni 49 taga yetkazildi. Shundan kredit mahsulotlari 23 ta, omonatlar 5ta, bank kartalari 11 ta, xalqaro pul oʻtkazmalari va SWIFT kabi xizmatlar 10 tani tashkil etmoqda.
2025-yilning 1-dekabr holatiga jami ajratilgan chakana kreditlar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 83 %ga oʻsib, 3 trln 949 mlrd. soʻmga yetkazildi.
Aholi tadbirkorligini rivojlantirish uchun ajratilgan kreditlar esa, shu davrda 255 %ga oʻsib, 1 trln. 126.4 mlrd soʻmni tashkil qildi. Oʻz navbatida, chakana kredit portfeli qoldigʻi 19 % ga oʻsishiga erishildi va 1-dekabr holatiga 13.6 trln. soʻmni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, hisobot davrida jami ajratilgan chakana kreditlar soni boʻyicha ham oʻsishga erishilgani maʼlum qilindi. Xususan, 2024-yil 1-dekabrda bu xizmat mijozlari 62 181 tani tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida 101 043 nafarga yetdi, bu borada 62 %lik oʻsish qayd etdi. Aholi tadbirkorligini rivojlantirish uchun ajratilgan kreditlardan foydalanganlar soni ham 37 348 taga yetdi va oʻsish dinamikasi 75 %ga teng boʻldi.
Ahamiyatlisi, onlayn xizmatlar yoʻnalishida ham ijobiy oʻsish suratlari qayd etildi. Jumladan, ajratilgan onlayn mikroqarzlar borasida oʻsish 93%ni tashkil qilib, umumiy miqdori 80.3 mlrd. soʻmga yetdi.
Koʻrilayotgan choralar va targʻibot tadbirlari orqali aholining boʻsh pul mablagʻlarini banklarga jalb qilish borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, hisobot davrida omonatlar qoldigʻi, 94 % ga oʻsib, 3 trln. 850 mlrd. soʻmga yetdi. Shu davrda aholidan jalb qilingan muddatli omonatlar hajmi 4 trln. 999 mlrd. soʻmni tashkil qildi. Eʼtiborlisi, onlayn omonatlar miqdori 268 mlrd. soʻmni tashkil qilib, bu borada 387 % lik oʻsish kuzatildi.
Shu bilan birga, oʻtgan davrda 152 887 dona HUMO, 118 317 dona UzCARD hamda 41 699 dona Visa bank kartalari emissiya qilangan va bu borada ham mos ravishda 33, 158 va 79 %lik oʻsish qayd etildi.
2024-yil 1-dekabr holatiga 322.7 mln AQSH dollari miqdorida xalqaro pul oʻtkazmalariga oid amaliyotlar bajarilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich ham sezilarli yaxshilanib, joriy yilning mos davrida 522.9 mln AQSH dollarini tashkil qildi.
Strategiyadagi yana bir ustuvor jihat, yaʼni kanallar borasida ham zamonaviy yondashuvlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, “BRB Mobile” ilovasi orqali mijozlarga taklif etilayotgan mahsulotlar hajmi va sfifatini oshirishga qaratilgan izlanishlar natijasida, doimiy foydalanuvchilar soni 682 mingdan oshdi. Ilovada amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni 5 956 708 tani tashkil qilib, ularning umumiy miqdori 4 trln. 651.2 mlrd soʻmga, koʻrilgan foyda esa, 25 mlrd 550 mln. soʻmga yetdi.
Matbuot anjumanida ilovadan foydalanish boʻyicha yana qoʻshimcha maʼlumotlar, shuningdek “BRB Mobile” hamda “Mening Buyurtmam” platformalari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar ochiqlandi.
Shuningdek, anjuman ishtirokchilari yangi – “Shempion”, “Sherdor” kartalari va boshqa yangi xizmatlar hamda istiqbolda koʻzda tutilayotgan loyihalar, xususan 2026-yilda taqdim etilishi rejalashtirilayotgan loyihalar haqida ham atroflicha tanishtirildilar.
Matbuot anjumanida jurnalistlar mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Bank axborot xizmati
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.