“Yangi bank” AJ omonatchilariga 98 foiz mablagʻlar toʻlab berildi
Avval xabar berilganidek, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “Yangi bank” AJ omonatchilariga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari amalga oshirib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan brifingda bank Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov ushbu jarayonlarning borishi va natijalari haqida axborot berdi.
Qayd etildiki, 2026-yil 25-fevral soat 10.00 holatiga 5 ming 480 nafar jismoniy shaxsga 202 milliard soʻm omonat mablagʻlari toʻlab berildi. Bundan tashqari, 56 ta yuridik shaxsga 2 milliard 739 million soʻm, 13 nafar yakka tartibdagi tadbirkorga 209 million soʻmdan ortiq kompensatsiya mablagʻlari toʻlab berildi.
Brifingda oʻtgan qariyb bir oy davomida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan umumiy hisobda 5 ming 549 nafar omonatchiga 204 milliard 873 million soʻmdan ziyod mablagʻ toʻlangani maʼlum qilindi. Bu kafolatlangan omonatlar boʻyicha jami toʻlab berilishi lozim boʻlgan kompensatsiya mablagʻlarining 98 foizini tashkil etadi.
Jismoniy shaxslar kompensatsiya toʻlovlarini “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning “BRB mobil ilovasi” orqali onlayn tarzda bank kartalariga oʻtkazishi yoki bankning jamgʻarma omonatiga joylashtirishlari mumkin.
Shuningdek, kompensatsiya mablagʻlarini bankning hududlardagi istalgan bank xizmatlari markazlaridan naqd pul shaklida olishlari mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga kompensatsiya toʻlovlari “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning hududlardagi bank xizmatlari markazlariga tashrif buyurish orqali mazkur bankning oʻzida hisob raqam ochish yoki boshqa bankdagi hisob raqamiga pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Taʼkidlash lozimki, kompensatsiya toʻlovlarini olish uchun omonatchilardan hech qanday qoʻshimcha toʻlov talab etilmaydi.
Bank Axborot xizmati
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.