BRB xalqaro muhokamada ishtirok etdi
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB rivojlanishni moliyalashtirish, savdo va samarali bandlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn-muhokamada ishtirok etdi. Uchrashuv Sevilya kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tashabbuslar doirasida bo‘lib o‘tdi hamda xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor va davlat institutlari vakillarini birlashtirdi.
“Savdo, investitsiyalar va samarali ish o‘rinlari: rivojlanishni moliyalashtirish bo‘yicha Sevilya majburiyatlarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” nomli davra suhbati YUNKTAD (UNCTAD), Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti (IOE), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT/OECD), shuningdek, BMTga a’zo davlatlar va xalqaro tadbirkorlik ekotizimlari vakillari ishtirokida tashkil etildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes (KOB) segmentida savdo, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirishni o‘zaro bog‘lash imkonini beruvchi amaliy mexanizmlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilar shunchaki deklarativ yondashuvlardan biznes ehtiyojlariga yo‘naltirilgan aniq vositalarni joriy etishga o‘tish zarurligini ta'kidladilar.
"Biznesni rivojlantirish banki" (BRB) vakillari onlayn nutq so‘zlab, O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishning milliy xususiyatlari (konteksti) bilan tanishtirdilar va bankni kichik va o‘rta biznesni rivojlantiruvchi to‘laqonli institutga aylantirishning (transformatsiya qilishning) asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdilar.
Shuningdek, bank faoliyatining amaliy natijalari, jumladan, savdoni moliyalashtirish vositalarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va biznesni raqamlashtirish chora-tadbirlari taqdim etildi.
Bankimizning ushbu tadbirdagi ishtiroki bankning xalqaro rivojlanish kun tartibiga hamda global hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqlaydi.
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.