Bank xodimlari uchun kitob yarmarkasi tashkil etildi
“Biznesni rivojlantirish banki” ATBda Sohibqiron Amir Temur tavalludiga bagʻishlangan maʼnaviyat oyligi doirasida xodimlarning mutolaa madaniyatini yuksaltirish va kitobxonlikni targʻib qilishga qaratilgan navbatdagi xayrli tadbir boʻlib oʻtdi.
Bank bosh ofisida mamlakatimizning yetakchi nashriyotlaridan biri — “Akademnashr” bilan hamkorlikda tashkil etilgan kitob yarmarkasida xodimlar eʼtiboriga 150 nomdan ortiq dunyo va oʻzbek adabiyoti durdonalari, ilmiy, tarixiy, ommabop, psixologik hamda bolalar uchun moʻljallangan kitoblar taqdim etildi.
Bank rahbariyati tomonidan xodimlar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar faqatgina maʼnaviy hordiq emas, balki kadrlarning intellektual salohiyatini doimiy ravishda boyitib borish strategiyasining bir qismidir. Kitobxonlik xodimlarning nutq madaniyatini shakllantiradi, tafakkurini kengaytiradi va eng muhimi — mijozlar bilan muloqotda insoniylik hamda adolat tamoyillariga tayanib ish tutishga oʻrgatadi.
Kitob oʻqigan insonning fikrlashi teran, muomala madaniyati yuksak boʻladi. Bu esa bevosita bank xizmatlari sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Mijoz nafaqat moliyaviy xizmat, balki yuksak madaniyat va samimiy munosabat kutadigan bugungi kunda kitobxon xodimlar bankning eng muhim kadrlaridir.
Qayd etish lozimki, kitob mutolaasi ish jarayonidagi ruhiy charchoqni kamaytiradi va ijobiy energiya beradi. Badiiy asarlar insonlarning his-tuygʻularini yaxshiroq tushunishga yordam beradi, bu esa mijozlar bilan individual va samarali ishlash imkonini beradi. Mutolaa insonda murakkab vaziyatlarda standart boʻlmagan, innovatsion yechimlar topish qobiliyatni shakllantiradi.
Eʼtiborli jihati shundaki, yarmarkada nafaqat xodimlarning oʻzlari uchun, balki ularning farzandlari uchun ham rang-barang bolalar adabiyoti, ertak kitoblar va intellektual rivojlantiruvchi nashrlar taqdim etildi. Xodimlarimizning oʻz farzandlari uchun kitob xarid qilishi — oilada mutolaa muhitini shakllantirish, farzandlarni yoshligidan ilm-maʼrifatga oshno qilish yoʻlidagi eng yaxshi sarmoyadir. Zero, kitobxon ota-ona — kitobxon farzand uchun eng goʻzal namunadir. Bu orqali bank jamoasi nafaqat ish joyida, balki oʻz xonadonlarida ham maʼrifat tarqalishiga hissa qoʻshmoqdalar.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB jamoasi kitobxonlikni nafaqat maʼnaviy tadbir, balki jamoaviy korporativ madaniyatning ajralmas qismi sifatida davom ettirishni maqsad qilgan.
Bank Axborot xizmati
Barcha yangiliklar
“BRB Nafis ayollar klubi”ning 4-mavsumiga start berildi
Yoshlar bilan muloqot: Tashabbusdan amaliy natija sari
Bizning blogimiz bilan yangilanib turing
Eng soʻnggi yangilanishlar, tushunchalar va bank maslahatlarini oling.